Unda qayd etilishicha, isteʼmolchi tumandagi savdo doʻkonlarining biridan iyun oyida 3 million 753 ming 600 soʻmga muddatli toʻlov sharti bilan Samsung rusumli telefon xarid qilgan. Lekin telefon nosoz chiqqani bois sotuvchi bilan bogʻlanib, nosoz telefonni oʻrniga, shu markadagi boshqa telefonga almashtirib berishni talab qilgan.

Sotuvchi telefonni texnik koʻrikdan oʻtkazgach, haqiqatan ham  telefon apparati nosoz ekani maʼlum boʻlgan. Doʻkon xodimlari aynin shu rusumli telefon yoʻqligi, mijoz 3-4 kun kutsa, yangisi kelganda almashtirib berishlarini aytgan. Isteʼmolchi oradan 5 kun oʻtib yana xabar oladi. Biroq sotuvchi yana turli bahonalarni roʻkach qilib, telefon apparatini almashtirib bermaydi.

Oʻrganish davomida sotuvchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, nosoz telefon oʻrniga Xiaomi Mi Note 9 rusumli telefon berilishiga erishildi.

Shuningdek, Quva tumanida yashovchi Z.Xolmatovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga qilgan murojaati federatsiya masʼullari tomonidan oʻrganildi. Murojaatda qayd etilishicha, isteʼmolchi xonadoniga 2004-yilda tabiiy gaz oʻtkazilgan boʻlib, toʻlovlarni muntazam va oʻz vaqtida amalga oshirib kelishiga qaramay, Quva tuman “Gaztaʼminot” korxonasi tomonidan 175 ming 560 soʻm qarzni oʻz vaqtida toʻlash kerakligi haqida xat kelgan.

Murojaatini oʻrganish jarayonida amalga oshirilgan toʻlovlar qayta hisob-kitob qilinganda, isteʼmolchining 47 ming 320 soʻm qarzdorligi mavjudligi, bazaga notoʻgʻri hisob kiritilishi natijasida qarzdorligi 222 ming 880 soʻmga aylanib ketgani aniqlandi. Yuqoridagi holatni oʻrganish natijasida isteʼmolchiga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlik bartaraf etildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.