“Maʼmuriy islohotlar doirasida suv xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Prezident Farmoni (PF–101-son, 20.06.2023-y.) qabul qilindi.
Farmon bilan Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari tasdiqlandi.
2030-yil yakunigacha vazirlikning quyi (tuman) boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish, fermer xoʻjaliklari va boshqa suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish hamda suvning hisobini yuritish funksiyasi bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklikka oʻtkaziladi.
2023-yil sentyabrgacha barcha tumanlarda suv resurslarini boshqarishni davlat-xususiy sheriklikka oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Farmonga koʻra, Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlandi.
Inspeksiya 2023-yil 1-avgustdan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalaridan samarali foydalanilishi boʻyicha oʻtkaziladigan tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazmasdan amalga oshiradi.
Inspeksiya yer usti suvlaridan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini hamda suv olish tartibini buzish holatlari boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish, shuningdek, jismoniy shaxslarga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllashi mumkin.
2025-yil 1-yanvargacha “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona axborot tizimi yaratilib, suv xoʻjaligi boʻyicha barcha dasturiy taʼminotlar mazkur tizimga bosqichma-bosqich integratsiya qilinadi.