Isteʼmolchining haqi yerda qolmaydi

    Bozor rastalari va maishiy savdo doʻkonlaridan xarid qilganimizda, avvalo, mahsulot sifati, uning yaroqlilik muddati oʻtgan-oʻtmaganiga sinchiklab qarash koʻpchilikning xayoliga kelmaydi. Mahsulotni xarid qilib boʻlgandan soʻng esa, uning sifati yoki yaroqlilik muddati oʻtganini bilib, darrov almashtirishga tushamiz. Baʼzi sotuvchilar almashtirib berishadi, baʼzilari esa...

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham shunga oʻxshash masalalarda koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Ulardan biri Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi T.Roʻziyevdan kelgan.

    Isteʼmolchi 2018-yil mart oyida “Artel” kompaniyasi bilan shartnoma qilib, kredit (3 yillik kafolat muddatiga ega) evaziga gaz plitasini xarid qilgan. Biroq kafolat muddati davrida, yaʼni 2020-yil dekabr oyida gaz plitasi yonib ketgani bois “Artel” kompaniyasiga taʼmirlab yoki almashtirib berishni soʻrab murojaat qiladi. Biroq murojaati qanoatlantirilmaydi.

    Mazkur murojaat oʻrganilganda esa quyidagilar maʼlum boʻldi.

    Fuqaro T.Roʻziyev 2018-yilning mart oyida xonadoni uchun “Artel” maishiy texnika savdo doʻkonidan “Agrobank”ning 32 foizlik kredit mablagʻlari hisobidan 3 yillik kafolat muddati bilan gaz plitasi sotib olgan. Ammo ushbu uskuna bir oy muddat oʻtmay nosoz holga kelib qolgan va shu sababli servis xizmati koʻrsatilgan. 2020-yilning dekabr oyida esa gaz plitasi oʻchiq holda yonib ketgani sababli yana servis xizmatiga murojaat qilganida servis xodimlari (kafolat muddati tugamay turib) tuzatib berish uchun fuqarodan 900 ming soʻm miqdorida xizmat haqi talab qilgan.

    Federatsiyaning Karmana tumani jamiyati xodimlari tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud qaroriga binoan, yetkazilgan moddiy zarar uchun fuqaro T.Roʻziyev foydasiga 4 million 500 ming soʻm, maʼnaviy zarar uchun 500 ming soʻm tovon undirilishiga erishildi.

    Yana bir murojaat Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi R.Z.dan kelgan. Isteʼmolchining yozishicha, u Jondor tumanidagi tijorat banklaridan biriga murojaat qilib, maishiy texnika vositasi sotib olishi uchun kredit olmoqchiligini aytgan. Bank xodimi va isteʼmolchi oʻrtasida isteʼmol krediti bilan bogʻliq shartnoma tuzilib, unda koʻrsatilgan 21 million 500 ming soʻm mablagʻ “Artel” maishiy texnika doʻkoni hisobraqamiga oʻtkazib berilgan va mahsulot bir haftada isteʼmolchining uyiga olib yetkazib berilishi maʼlum qilingan. Biroq oradan ikki hafta oʻtsa ham maishiy texnika vositalaridan darak boʻlmagan. Isteʼmolchining tadbirkorga bu borada qilgan murojaatlari samara bermagan.

    Mazkur murojaat federatsiyaning Jondor tumani jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilishi natijasida, isteʼmolchining talabiga asosan, maishiy texnika jihozlari mavjud boʻlmagani va tadbirkor yaqin orada yetkazib berolmasligi sababli “Xalq banki” bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, 21 million 500 ming soʻm bank hisobraqamiga qaytarildi. Shuningdek, “Xalq banki” tomonidan boshqa maishiy texnika doʻkoni bilan shartnoma tuzilib, 21 million 500 ming soʻm koʻchirildi hamda isteʼmolchiga maishiy texnika jihozlari olib berildi, deya xabar berdi federatsiya matbuot xizmati.