Shunday sharoitda davlatning oʻz taraqqiyot yoʻlini mustaqil belgilashi, milliy manfaatlarini himoya qilishi va tashqi imkoniyatlardan oqilona foydalanishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugun mustaqillik tushunchasi ham tabiiy ravishda yangi mazmun va oʻlchamlar bilan boyimoqda. Ilgari mustaqillik, avvalo, davlatning siyosiy erkinligi, hududiy yaxlitligi, chegaralar daxlsizligi va oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi bilan izohlangan boʻlsa, endi globallashuv va axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan sharoitda uning mazmuni ancha kengaydi. Zero, davlatning tashqi jihatdan mustaqil boʻlishi bilan birga ichki barqarorligi, iqtisodiy salohiyati, axborot xavfsizligi, maʼnaviy immuniteti va aholining mustaqil fikrlay olishi ham mustaqillikning muhim koʻrsatkichlariga aylanmoqda.

Mustaqillik faqat tashqi taʼsirdan xoli boʻlish emas, balki ichki jihatdan mustahkam boʻlish, oʻz qadriyatlariga tayana olish va kelajagini oʻzi belgilash qobiliyatidir. Agar inson oʻz fikrini boshqalarning tayyor qarashlarisiz shakllantira olsa, axborot oqimida haqiqatni yolgʻondan ajrata bilsa, oʻz milliy va umuminsoniy qadriyatlarini anglab, ularga sodiq qolgan holda zamonaviy dunyo bilan hamohang yashasa, bu ham mustaqillikning yangi, zamonaviy koʻrinishidir.

Avvalo, mustaqillikning ahamiyatini uning inson hayotidagi amaliy ifodasi, ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda jamiyatimizda yuz bergan oʻzgarishlar misolida koʻrish mumkin. Zero, istiqlolning haqiqiy qiymati faqat siyosiy va tarixiy tushunchalar bilan emas, balki oddiy insonning hayotida paydo boʻlgan yangi imkoniyatlar, uning orzu va maqsadlarini roʻyobga chiqarish imkoni bilan ham oʻlchanadi. Bunga taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar yaqqol misol boʻla oladi.

Bir vaqtlar oliy taʼlimga kirish masalasi koʻpchilik oilalar uchun jiddiy ­muammo, katta raqobat va turli noaniqliklar bilan bogʻliq edi. Bugun esa oliy taʼlim qamrovining kengayishi, yangi oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari koʻpayishi, grant va boshqa imkoniyatlar oshishi tufayli bir oilada bir necha farzandning turli oliygohlarda tahsil olayotgani tobora odatiy holga aylanmoqda. Bu shunchaki statistik oʻzgarish emas, aksincha, oilaning, jamiyatning va eng muhimi, insonning kelajak haqidagi tasavvuri oʻzgarayotganidan dalolat.

Ayniqsa, qizlarning taʼlim olishi va kasbiy faolligi borasidagi oʻzgarishlar jamiyatdagi tafakkur yangilanishining muhim koʻrinishlaridan. Ilgari ayrim hududlarda “Qiz bolaga oʻqishning nima keragi bor?” qabilidagi qarashlar uchragan boʻlsa, bugun minglab qizlarimiz tibbiyot, axborot texnologiyalari, huquq, muhandislik, iqtisodiyot va boshqa zamonaviy sohalarni tanlab, oʻz kasbiy kelajagini mustaqil belgilamoqda. Bu jarayon nafaqat xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini oʻzgartirmoqda, balki butun jamiyatning inson kapitali va intellektual salohiyatini boyitmoqda.

Eng muhimi, taʼlimdagi bunday oʻzgarishlar bir avlodning emas, keyingi avlodlarning ham taqdiriga taʼsir qiladi. Oliy maʼlumotli, kasb egasi boʻlgan qiz nafaqat oʻz hayoti uchun yangi imkoniyatlar yaratish barobarida farzandlarining taʼlimi, dunyoqarashi va kelajagiga ham boshqacha taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda, mustaqillikning mazmunini faqat davlat miqyosidagi katta voqealardan emas, balki bir oilaning farzandiga taʼlim berish imkoniyati kengaygani, bir qiz oʻz orzusidagi kasbni tanlay olgani, bir yosh oʻz mehnati bilan jamiyatda oʻz oʻrnini topayotgani kabi oddiy, ammo hayotiy misollar orqali ham anglash mumkin.

Mustaqillikning inson hayotidagi amaliy qiymatini iqtisodiy erkinlik va mehnati bilan oʻz kelajagini qurish imkoniyati orqali ham yaqqol koʻrish mumkin. Ilgari oddiy doʻkon ochish, kichik ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish yoki oʻz biznesini boshlash koʻpchilik uchun katta tavakkal va turli toʻsiqlar bilan bogʻliq edi. Bugun tadbirkorlikni boshlash uchun imkoniyatlar ancha kengaydi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar bu jarayonga yangi mazmun olib kirdi. Endi tadbirkorga har doim ham katta bino yoki yirik ishlab chiqarish maydoni shart emas. Uy sharoitida boshlangan kichik ish onlayn savdo, ijtimoiy tarmoqlar va elektron platformalar orqali keng bozorga chiqishi mumkin.

Masalan, oddiy tikuvchilikdan ish boshlagan tadbirkor qizni tasavvur qilaylik. U ishni dastlab oʻz uyida bir nechta buyurtmani bajarishdan boshlashi, keyin davlat taqdim etayotgan imtiyozli moliyaviy koʻmak, kasbiy oʻquv va tadbirkorlik dasturlaridan foydalanib, faoliyatini kengaytirishi mumkin. Natijada kechagina uy sharoitida ishlagan bir inson bugun bir necha kishini ish bilan taʼminlaydigan kichik sex egasiga aylanadi.

Bu yerda gap faqat bitta tadbirkorning muvaffaqiyati haqida emas. Asosiy jihat bir insonning imkoniyati kengayishi ortidan bir nechta oilaning daromadi, bir mahallaning iqtisodiy faolligi va jamiyatning umumiy farovonligi oʻzgarganida. Demak, mustaqillikning zamonaviy mazmuni insonning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham oʻz imkoniyatini roʻyobga chiqara olishida namoyon boʻlmoqda.

Eng muhimi, bu oʻzgarishlar quruq raqamlar yoki rasmiy hisobotlardagina emas, balki insonlarning real hayotida, farzandlar taqdirida, oilalarning turmush darajasida va jamiyatning kundalik qiyofasida oʻz aksini topmoqda. Shu maʼnoda, soʻnggi oʻn yillik mamlakat hayotidagi oʻzgarishlar bilan birga millionlab odamlarning shaxsiy taqdiriga taʼsir koʻrsatgan amaliy davr sifatida baholanadi.

Biroq hayot faqat yutuqlardan iborat emas. Jamiyat taraqqiyotida imkoniyatlar qanchalik kengaymasin, ular bilan birga yangi masʼuliyat va xavflar ham paydo boʻladi. Bugun kundalik hayotimizda kuzatilayotgan ijobiy oʻzgarishlar qatorida jamiyatning maʼnaviy barqarorligi, milliy oʻzlik va avlodlar oʻrtasidagi qadriyatlar uzviyligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ayrim salbiy holatlar ham namoyon boʻlmoqda.

El-yurt taqdiriga befarqlik, jamiyat muammolariga “Bu mening ishim emas” degan munosabat, milliy qadriyatlarga loqaydlik, oila va farzand tarbiyasida masʼuliyatning susayishi — bular bir qarashda alohida-alohida holatdek koʻrinishi mumkin. Ammo ularning barchasi bir nuqtada tutashadi: insonning jamiyat va oʻz taqdiri oldidagi masʼuliyati susayishi.

Ayniqsa, axborot oqimi nihoyatda tezlashgan, raqamli platformalar inson hayotining ajralmas qismiga aylangan bugungi sharoitda bu masala yanada dolzarb tus olmoqda. Inson bir vaqtning oʻzida milliy qadriyatlar, oilaviy tarbiya va mahalliy ijtimoiy muhit bilan bir qatorda turli madaniyatlar, qarashlar, gʻoyalar va hayot tarzlarining kuchli taʼsirida yashamoqda. Inson nimani qabul qilishi, nimani rad etishi va qaysi qadriyatni oʻz hayotining maʼnaviy mezoni sifatida tanlashi tobora muhim masalaga aylanmoqda. Shu bois, bugun jamiyat oldida turgan vazifa oʻzgarishlarning oʻzi bilan cheklanib qolmay, ularning inson maʼnaviyatiga qanday taʼsir koʻrsatayotganini ham anglashdan iborat.

Ijtimoiy tarmoqlar jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylangan bugungi sharoitda mamlakatimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni muhokama qilish madaniyati ham alohida eʼtibor talab etmoqda. Zero, ijtimoiy tarmoqlar faqat axborot tarqatiladigan maydon emas, balki jamoatchilik fikri shakllanadigan, odamlar oʻz munosabatini bildiradigan va muayyan masalalarga nisbatan ijtimoiy pozitsiya vujudga keladigan katta maydonga aylandi. Bu esa har bir fikr, har bir izoh va tarqatilgan har bir axborotning jamiyat kayfiyatiga taʼsirini oshirmoqda.

Albatta, tanqidiy fikrning oʻzi jamiyat uchun xavf emas. Aksincha, sogʻlom tanqid taraqqiyotning muhim omillaridan. Muammoni koʻra bilish, kamchilikni ochiq aytish, masʼullardan javob talab qilish va jamoatchilik manfaatini himoya qilish faol fuqarolik pozitsiyasining muhim koʻrinishidir. Ammo tanqid fakt, tahlil va masʼuliyatdan uzilib, hissiyot, biryoqlama xulosa yoki ataylab keskinlashtirish vositasiga aylansa, uning ijtimoiy qiymati oʻzgaradi.

Bugun ayrim holatlarda voqeaning mohiyatini anglashdan koʻra, uning eng salbiy ­jihatini ajratib koʻrsatish, muammoning sabablarini tahlil qilishdan koʻra aybdor izlash, hatto ijobiy natijadan ham salbiy xulosa chiqarishga intilish kuzatilmoqda. Bunday yondashuv esa voqelikni xolis baholash imkoniyatini cheklab, jamoatchilik kayfiyatida ishonchsizlik va salbiy munosabatlarni kuchaytirishi mumkin.

Ayniqsa, raqamli muhitda axborotning tez tarqalishi bu masalani yanada dolzarblashtiradi. Bir insonning tekshirilmagan fikri yoki hissiyot bilan yozilgan munosabati qisqa vaqtda minglab odamlarga yetib borishi mumkin. Shu sababli bugun axborotni qabul qilish madaniyati bilan bir qatorda uni tarqatish madaniyati ham muhim. Odamlar “Men bu xabarni tarqatsam, oqibati qanday boʻladi?” degan oddiy savolni oʻziga oʻzi berishni oʻrganishi kerak.

Achinarlisi, bunday muhitda mamlakat, uning kelajagi va jamiyat hayoti haqida yengil-yelpi, umumlashtirilgan va bir yoqlama xulosalar ham koʻpaymoqda. Ayrim fikrlar real voqelikni chuqur tahlil qilishdan koʻra, axborot xuruji taʼsirida shakllangan tasavvurlarga yaqinlashmoqda.

Bunday yondashuvlarning xavfi shundaki, ular tashqi bosim yoki ochiq taʼsirdan farqli ravishda inson ongi va tafakkuri orqali sekin, ammo chuqur taʼsir koʻrsatishi mumkin. Ayniqsa, hayotga endi kirib kelayotgan, axborotni saralash tajribasi hali yetarli boʻlmagan yoshlar turli fikr va qarashlarni osongina haqiqat sifatida qabul qilishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bois, yoshlarning axborotni tanqidiy tahlil qilish, manbani tekshirish va har bir fikr ortidagi maqsadni anglash koʻnikmasini shakllantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aks holda, bir yoqlama va salbiy qarashlar yoshlar ongida oʻz jamiyati, millati va kelajagiga nisbatan asossiz ishonchsizlik paydo qilishi mumkin. Bugungi vazifa yoshlarni axborotdan himoya qilish emas, balki ularni axborot taʼsiriga tushib qolmaydigan darajada mustaqil fikrlaydigan qilib tarbiyalashdir.

Taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasi jamiyat barqarorligi faqat mukammal qonunlar bilan emas, balki aholining qonunbuzarlik, adolatsizlik va turli qingʻirliklarga nisbatan murosasiz munosabati bilan ham taʼminlanishini koʻrsatadi. Yaʼni jamoatchilik muammoga befarq qaramaydi, qonun buzilganda “bu mening ishim emas”, demaydi va oʻz fuqarolik pozitsiyasini ochiq namoyon etadi. Bunday daxldorlik muhiti jamiyatda oʻzaro ishonch va masʼuliyatni mustahkamlaydi.

Daxldorlik faqat faol harakat emas, avvalo, hushyorlikdir. Yaʼni inson oʻz jamiyatida kechayotgan jarayonlarga befarq boʻlmasligi, ularni anglash, tahlil qilish va xolis baholashga intilishi kerak. Chunki anglanmagan voqelik inson ongida osongina boshqa birovning talqiniga aylanadi, anglangan voqelik esa insonning oʻz pozitsiyasini shakllantirish imkonini beradi.

Kuzatishimcha, bugun dunyodagi koʻplab ziddiyatlar zamirida ishonch inqirozi yotibdi. Insonning insonga, jamiyatning oʻz imkoniyati va kelajagiga ishonchi susaygani sari ichki birdamlik zaiflashadi. Bunday muhitda turli tashqi taʼsirlar uchun jamiyat kayfiyatiga taʼsir oʻtkazish osonlashadi.

Mustaqillikni asrash faqat davlat institutlarining vazifasi emas. U har bir fuqaroning ichki pozitsiyasi, masʼuliyati va daxldorlik hissi bilan ham mustahkamlanadi. Oʻzini jamiyat va mamlakat kelajagiga daxldor deb bilgan inson axborotni ham, voqelikni ham shunchaki qabul qilmaydi, uni tahlil qiladi, solishtiradi va oʻz xulosasini chiqaradi. Befarqlik esa insonni tayyor qarashlar va tashqi taʼsirlar oldida zaiflashtiradi.

Baʼzan oʻylab qolaman: mustaqillikni yoʻqotish doimo katta siyosiy voqea, keskin burilish yoki ochiq inqiroz shaklida namoyon boʻladimi? Aslida, har doim ham unday emas. Baʼzan u inson va jamiyat ongidagi sezilmas oʻzgarishlardan boshlanadi. Avvalo, fikr mustaqilligi susayadi. Keyin oʻz pozitsiyasiga ishonch zaiflashadi. Oxir-oqibat jamiyat oʻzining aniq maqsadi va umumiy yoʻnalishini yoʻqota boshlaydi. Shu maʼnoda, mustaqillikning eng muhim kafolatlaridan biri mustaqil fikrlaydigan va oʻz qarorining masʼuliyatini his qiladigan fuqarodir.

Bugungi eng muhim vazifalardan biri jamiyatda daxldorlik madaniyatini shakllantirish. Buni faqat qonun yoki taʼlim orqali emas, avvalo, hayotiy namuna orqali qaror toptirish mumkin. Boladan kattagacha inson atrofidagi munosabat, masʼuliyat va adolat muhitini koʻrib, shunga qarab oʻz qarashini shakllantiradi. Agar jamiyatda daxldorlik qadrlansa, u avloddan avlodga oʻtadi. Befarqlik odatga aylansa, uni bartaraf etish tobora qiyinlashadi.

Bir soʻz bilan aytganda, globallashuv insoniyat oldida beqiyos imkoniyatlarni ochib berayotgan bir paytda inson va jamiyat zimmasiga yanada katta maʼnaviy hamda intellektual masʼuliyat yuklamoqda. Dunyo bilan qanchalik ochiq munosabatda boʻlmaylik, tashqi aloqalar qanchalik kengaymasin, oʻzligimiz, mustaqil fikrimiz va ichki birligimizni saqlash barqaror taraqqiyotning muhim shartlaridan boʻlib qolaveradi.

Zero, mustaqillikning eng ishonchli qalʼasi chegaralarda emas, avvalo, inson ongida quriladi. Uni mustahkamlaydigan kuch esa daxldorlik. Oʻz hayoti, oilasi, jamiyati va yurti kelajagiga daxldorlikni his qilgan inson befarq tomoshabin boʻlib qolmaydi. U axborotni saralaydi, voqelikni tahlil qiladi, muammodan qochmaydi va oʻzgarishlarga oʻz hissasini qoʻshishga intiladi.

Shu maʼnoda, mustaqillikni asrash faqat uning tarixini yod etish emas, uni har kuni oʻz masʼuliyatimiz, tafakkurimiz va amaliy harakatimiz bilan mustahkamlab borishdir. Bugungi avlodning eng katta burchi ham ana shunda: bizga meros mustaqillikni shunchaki saqlab qolish emas, uni fikri erkin, maʼnaviyati mustahkam va kelajagiga daxldor avlodga munosib holda yetkazish.

Begdavlat ALIYEV,

falsafa fanlari doktori, professor