2024-yil va kelgusida yuqori malakali IT mutaxasssislarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, yoshlar va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan mazkur forumda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, IT-ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, belgilab berilgan vazifalar va qarorlar ijrosini ta’minlash borasida kerakli ma’lumotlarni berdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 33-maqsadida 2030-yilgacha:
– IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish;
– BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida mamlakatimizni yetakchi 30 ta davlatlar qatoriga kiritish;
– IT sohasida 300 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash kabi vazifalar belgilangan.
Ushbu vazifalarga muvofiq, O‘zbekistonda yoshlarning raqamli texnologiyalarga oid bilimlarini oshirish, “Bir million dasturchi” loyihasi, shuningdek, IT sohasida yoshlarning qobiliyatini rivojlantirish, axborot texnologiyalarini ular orasida ommalashtirish hamda targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Forum davomida bugungi kunda o‘quv markazlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, IT-eksport kompaniyalarning mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji hamda IT-kurslarga bo‘lgan talablar, shuningdek, biznesini rivojlantirishga doir foydali ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir davomida IT-xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalarning soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoji va talablari hamda cohadagi o‘quv markazlarida sifatli kadrlar tayyorlash to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalar (EPAM, Exadel, East-Games) va IT sohasida kadrlar tayyorlaydigan tashkilotlar vakillari bilan hozirgi kunda IT kadrlar bozoridagi holat va mavjud muammolar to‘g‘risida panel sessiyasi tashkil etildi.