Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga, shuningdek Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari)ga tavsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni (ro‘yxat raqami 3387-1, 07.03.2026 y.) davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, quyidagi shaxslarga ham IT-visa beriladi:

axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga;

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari), ularning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga;

Raqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo‘lgan startap loyihalar ta’sischilari (ishtirokchilariga) va mutaxassislariga;

oliy ta’lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DsC) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilariga.

Shunindek, IT-visa berish uchun bir qator yangi talablar belgilandi. Jumladan:

xorijiy investor – O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxsni 30 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda moliyalashtirishni amalga oshiruvchi yoki ushbu yuridik shaxsning ustav fondidagi ulushi miqdori kamida 30 ming AQSH dollarini tashkil etishi;

Texnopark rezidentining ta’sischisi – Texnopark rezidenti maqomini olgan yuridik shaxsning ta’sischisi (ishtirokchisi) bo‘lgan va ushbu yuridik shaxsning ustav fondidagi ulushi miqdori kamida 30 ming AQSH dollarini tashkil etadigan jismoniy shaxs bo‘lishi belgilandi.