Bugungi kunda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, barcha sohalarni raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. ushbu jarayonda ayol-qizlarning faolligini oshirish ham kun tartibidagi masalalardan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan loyihalar opa-singillarimizni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga jalb qilish, kompyuter grafikasi va dizaynerlik faoliyati boʻyicha oʻqitish, ularning mobil ilova, veb-sayt, dasturiy mahsulotlarni yaratishi hamda dasturchi sifatida shakllanishiga koʻmaklashishga qaratilgan.
Shunday loyihalardan biri — ITWomenUz xotin-qizlar uchun samarali dastur boʻldi. Loyiha doirasida kam taʼminlangan oilalardagi 12 yoshdan 35 yoshgacha xotin-qizlar uchun kompyuter savodxonligi va tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etildi.
Sakkiz oyga moʻljallangan mashgʻulotlarda ular ingliz tili, kompyuter savodxonligi, dasturlash, loyi halarni boshqarish, robototexnika, frilans, grafik dizayn, “Bir million dasturchi” yoʻnalishlarida oʻqidi. Hozirga qadar “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan 2 ming 328 nafar xotin-qiz soha boʻyicha oʻqitilgani eʼtiborga molik ishlardan boʻldi.
AQSH xalqaro rivojlantirish agentligi (USAID) bilan hamkorlikda 2020-yil avgust oyidan buyon Tumaris.Tech loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. U uch qismdan iborat boʻlib, xotin-qizlarni AKT sohasiga keng jalb qilishga qaratilgan.
Yaʼni BPO (Business Process Outsourcing) yoʻnalishida frilanser boʻlib ishlashdan startaplarni ishlab chiqishgacha boʻlgan taʼlimni qamrab olgan.
Ikki yilda loyiha muvaffaqiyatli rivojlandi. Ayni paytda unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston vakillari ishtirok etmoqda. Bu mintaqaning IT ekotizimi integratsiyalashuviga, yanada barqaror boʻlishiga hissa qoʻshadi. Oʻz navbatida, loyiha ham qizgʻin tus oldi. Chunki Markaziy Osiyoda birinchi xakaton, trenerlar maktabi, 50 ga yaqin startapni oʻz ichiga olgan inkubator va akselerator ishga tushirildi.
Xalqaro elektr aloqa ittifoqi tashabbusi bilan “Jahon axborot jamiyati sammiti — 2022” doirasida oʻtkazilgan besh bosqichli “WSIS Prizes 2022” xalqaro tanlovida Oʻzbekistonning “Development of womenʼs entrepreneurship and IT skills Tumaris.Tech” loyihasi gʻolib boʻldi.
Oʻtgan yili vazirlik tashabbusi bilan Oʻzbekistonning turli hududidan kelgan 60 dan ortiq tadbirkor ayolga elektron tijorat boʻyicha mahorat darslari, treninglar oʻtkazildi. Trening davomida har bir ishtirokchi individual maslahat oldi.
Treninglar tufayli tadbirkor ayollar ETSY, Amazon, Ebay elektron tijorat platformalari orqali dunyo boʻylab yangi hamkorlar topdi.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan xotin-qizlar uchun “GAP” – IT sohada ayollar klubi loyihasi ishga tushirilgan. Mazkur klubda ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ularning IT sohasidagi savodxonligini oshirish, dasturlash, kompyuter texnologiyalari hamda IT sohasidagi boshqa kurslar orqali xotin-qizlarni oʻqitish va ishga joylashtirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, IT kasblarini yosh qizlar uchun ochiq va qiziqarli qilish maqsadida ishtirokchilar oʻzaro tajriba almashadi, oʻz sohasida muvaffaqiyatga erishgan professional mentorlar bilim va koʻnikmasini oʻrgatadi.
Xotin-qizlarni bu sohaga jalb qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotganimizni ham inkor eta olmaymiz. Bu qizlarimizning tabiatidagi mavjud qoliplar — stereotiplar bilan bogʻliq.
Oʻrganishimizcha, qizlarning IT sohasi bilan mashgʻulligini koʻpgina ota-onalar maʼqullayvermaydi. Buning sababi shuki, jamoatchilikda raqamlashtirish bilan bogʻliq tushuncha kam. Shu bois, bu yoʻnalishda imkoniyatlar koʻpligi, muvaffaqiyatga erishish yoʻllari va yetakchi, namunali ayollar haqida maʼlumot berib boryapmiz.
Mamlakatimiz boʻyicha nogironligi bor 200 dan ziyod ayol-qiz uchun IT va frilans asoslari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etildi. Shunday loyihalardan biri yaqinda koʻzi ojizlar uchun YUNISEF bilan hamkorlikda oʻtkazildi. Koʻzi ojizlar qanday qilib kompyuterda ishlaydi, degan haqli savol tugʻiladi. Bu tabiiy. Ular uchun maxsus jihozlangan, ovozli buyruq orqali ishlaydigan kompyuterlar bor. Bunday kompyuter yordamida loyihani muvaffaqiyatli tashkil etdik. Quvonarlisi, yakuniy uchrashuvda koʻzi ojiz qizlarimiz loyihani yana ham kengaytirish yoki muddatini choʻzdirish tashabbusi bilan chiqdi.
Oʻzbekiston boʻyicha 205 ta IT markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularda imkoniyati cheklanganlar va kam taʼminlangan oilalar farzandlariga sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, YouTube platformalarida onlayn kurslar tashkil qilganmiz.
IT parkning veb-sayti orqali ular oʻzi xohlagan yoʻnalishdagi oʻquv kurslaridan foydalansa boʻladi.
Nafaqat kurslar, tadbirlarga jalb etish, balki ularning keyingi hayotini monitoring qilish ham vazifamizdir. Kurslarni tamomladi, ham deylik. Keyinchalik ularni yoʻnaltirish kerak. Qizlarimiz oʻzidagi bor bilim va koʻnikmani qayerga sarflashni yoki bilimlari orqali qanday qilib daromad topishni bilmaydi. Bizning vazifamiz — ularga yoʻnalish berish. Imkoniyati cheklangan koʻp qizlar fotoshop va grafik dizayn yoʻnalishi boʻyicha tahsil olishdi va ayni paytda aksariyati onlayn buyurtmalar qabul qilib, faoliyat yurityapti.
Oldinda qiladigan ishlarimiz koʻp. Shu yilning 22-fevral kuni Prezidentimiz raisligida soha va hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida zimmamizga katta vazifalar yuklandi. Jumladan, yoshlarni axborot
texnologiyalariga oʻqitish, ishlashiga sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarurligi taʼkidlandi. Bu borada 1-apreldan “Elektron hukumat”, “Biznes uchun dastur”, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha mukofot jamgʻarmasi 1 million dollar boʻlgan respublika tanlovi boshlanishi eʼlon qilindi. Shuningdek, hududlarda yoshlar yaratgan 50 ta eng yaxshi dastur Raqamlashtirish jamgʻarmalari hisobidan sotib olinadi.
Soʻnggi ikki yilda yurtimizda 215 ta IT-taʼlim markazi ochilgan. Bunday muassasalarni va ularning bitiruvchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy imtiyozlar beriladi. Jumladan, eksportchi kompaniyalarga ishga joylashgan har bir mutaxassis uchun 25 million soʻmgacha, imkoniyati cheklangan yoshlarga esa 35 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi. IT boʻyicha sertifikati bor yoshlarga kompyuter xaridi uchun imtiyozli kredit ularning shaxsiy plastik kartasiga oʻtkazib beriladi.
Bu imkoniyatlardan, albatta, qizlarimiz ham foydalanishadi. Oldimizdagi vazifa ham shu.
Oʻzbekistonda qizlarni raqamli texnologiyalar sohasiga yanada kengroq jalb etish va ularning IT koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha loyihalar koʻzda tutilmoqda. Sohada bilimi kuchli qizlar uchun mentorlik dasturi, maʼlum bilim va koʻnikmalarga ega qizlar uchun IT oromgoh, IT sohasiga endi kirib kelayotgan qizlar uchun onlayn darslar tashkil etilishi rejalashtirilgan. “Bir million dasturchi” loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida “Coursera” platformasiga qizlarni jalb etish va oʻqitish, oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, oliy sud, Adliya vazirligi hamkorligida amaldagi qonunchilik hujjatlarini xatlovdan oʻtkazish hamda vakolatli organlarning vazifa va funksiyalarini qayta koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi yagona normativ hujjatni ishlab chiqish ham galdagi ishlarimizdan. Eng katta vazifamiz Oʻzbekistonni kelajakda IT xabga aylantirish. Bunga ayollarimizning kuchi ham, salohiyati ham yetadi.









