Bu misli koʻrilmagan loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatning bebaho madaniy merosini qayta tiklash va ommalashtirish tashabbusi ortidan amalga oshirilmoqda. Maʼlumki, joriy yilning fevral oyi oʻrtalarida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Italiyada boʻlib, bir qator muzeylari vakillari va kolleksionerlari bilan muzokaralar oʻtkazgan edi.
Italiya muzeylari vakillari va kolleksionerlari Oʻzbekiston madaniy merosini ommalashtirish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlab, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan xalqaro koʻrgazma oʻtkazish tashabbusiga ijobiy munosabat bildirdi.
Asrlar davomida Oʻzbekiston madaniy merosiga oid namunalar dunyo boʻylab tarqalib, eng yirik muzey va shaxsiy kolleksiyalarning durdonalariga aylandi. Bugungi kunda Oʻzbekistondagi islohotlar ortidan ushbu yodgorliklar ilk bor Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etiladi.
“Taʼkidlash joizki, Toshkentda namoyish etiladigan Italiya koʻrgazmalarida oʻzbek artefaktlari toʻplamlari ”Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida“ multimedia loyihasining 35-jildida nashr etilgan. Sakkiz yildan buyon davlat va ijtimoiy biznes sektori koʻmagida xorijda saqlanayotgan oʻzbek yodgorliklari haqida kitob-albomlar nashr etib kelinmoqda. Bugungi kunda bu kitob-albomlar 80 jildga yetdi. Italiya kutubxonalari, muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan Oʻzbekiston artefaktlari kitob-albomida Abu Ali ibn Sinoning ibroniy tiliga tarjima qilingan noyob qoʻlyozmasi saqlanayotgan Bolonya universiteti kutubxonasi, Juzeppe Tuchchi nomidagi Rim milliy Sharq sanʼati muzeyi, Turin Osiyo sanʼati muzeyi, Stibbert muzeyi, Milandagi Mudec madaniyat muzeyi, Komoda joylashgan Antonio Ratti jamgʻarmasi va toʻqimachilik muzeyi, Milan kolleksionerlari Alberto va Anna Levilarning shaxsiy kolleksiyasi kabi madaniyat muassasalari haqida maʼlumot berilgan,” — deydi loyihaning ilmiy koordinatori Elmira Gul.
Toshkentda namoyish etiladigan eksponatlar orasida epigrafik yozuvlarga ega mashhur Afrosiyob kulolchilik buyumlari, xususiy kolleksiyalardan Xuroson va Movarounnahrning noyob oʻrta asr metall buyumlari, shu jumladan, Qoraxoniy hukmdorlarining afsonaviy kosasi, shuningdek, XIX-XX asr boshlaridagi oʻzbek toʻqimachiligining ajoyib asarlari oʻrin olgan boʻlib, ular oʻzining nafisligi va betakrorligi bilan hayratga soladi.
Turindagi Osiyo sanʼati muzeyi direktori David Kvadrio koʻrgazmadagi ishtiroki haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Biz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz va ushbu markazning ochilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan koʻrgazmada ishtirok etishdan juda mamnunmiz. Ishonchim komilki, muzeyimizdagi eksponatlar ekspozitsiyaning ajoyib bezagi boʻladi.”
Toshkentdagi koʻrgazmada koʻrish mumkin boʻlgan boshqa yodgorliklar orasida Aron Collection islom sanʼati xususiy toʻplamidagi noyob metall namunalari ham mavjud. Aron jamgʻarmasi vakili Veronika Prestini xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida shunday dedi:
“Oʻzbekiston kabi boy va uzoq tarixga ega mamlakat bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf. Bizning toʻplamimiz Xuroson va Movarounnahrning oʻrta asrlarga oid nodir buyumlaridan iborat. Toʻplamdagi durdonalardan biri - Qoraxoniy hukmdorlarining oʻymakorlik ishlari bilan bezatilgan kosasi. Shuningdek, Somoniylar davri sopol buyumlari namunalari ham mavjud. 2023-yil noyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning VII kongressida ishtirok etdim va oʻshanda Turindagi Sharq sanʼati muzeyida namoyish etilayotgan ushbu buyumlarning ayrim fotosuratlarini koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldim. Kongressda ishtirok etish olimlik faoliyatim va ilmiy ishlarim uchun katta tajriba toʻplash imkonini berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamkorlikka, jumladan, ilm-fan va maʼrifat sohasiga naqadar katta eʼtibor qaratayotganiga guvoh boʻldim. Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan ushbu durdonalarni Oʻzbekistonga olib kelib, Markaz ochilishi sharafiga tashkil etiladigan koʻrgazmada namoyish etishdan mamnun boʻlamiz. Bunday koʻrgazma gʻoyasining oʻzi menda iliq taassurot uygʻotdi.”
Oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlarining noyob toʻplamiga ega boʻlgan Antonio Ratti jamgʻarmasi ham mazkur tashabbusni qoʻllab-quvvatladi. Uning vakili Maddalena Terragni quyidagicha fikrlarni aytdi:
“Ushbu koʻrgazma oʻzbek ipak matosining ulugʻvorligi, naqshinkorligi, ranglari, nafisligini dunyoga namoyish etish uchun ajoyib imkoniyatdir. Toʻplamdagi sanʼat asarlari ekspozitsiyasini ularning tarixiy vatanida tashkil etish biz uchun katta sharaf.”
Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan koʻrgazma nafaqat mamlakat ilmiy merosining betakrorligini ochib beradi, balki ilm-fan, sanʼat va muzey ishi sohasidagi hamkorlik uchun yangi ufqlarni ham ochadi.
“Italiyadagi hamkasblarimiz va doʻstlarimizga bunday muhim tadbirda ishtirok etish qarorlari uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Shu paytgacha Oʻzbekiston madaniy merosi haqidagi maʼlumotlarni rasmli kitob-albom shaklida nashr etib kelgan boʻlsak, endilikda ilk bor hurmatli Prezidentimiz tashabbusi va xorijlik hamkasblarimizning qoʻllab-quvvatlovi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazidagi koʻrgazmada ushbu namunalarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrishimiz mumkin boʻladi. Ishonchim komilki, ekspozitsiyaning Italiya qismi mamlakatimiz madaniy merosini qadrlaydigan barchaning eʼtiborini tortadi,” — dedi Markaz direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.
Islom sivilizatsiyasi markazidagi koʻrgazma oʻtmish va kelajakni birlashtiruvchi noyob madaniy makon hisoblanadi. Ushbu osori-atiqalar uzoq yillardan soʻng ilk bor oʻz tarixiy vatanida boʻlib, oʻtmish va kelajakni yagona madaniyat va sanʼat makonida birlashtiradi.
Hamkorlik materiali