Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini boshchiligidagi Italiya delegatsiyasi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida

    Ta'lim 25 Sentabr 2024 352

    Shu yilning 24-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati va Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini boshchiligidagi delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan rasmiy uchrashuvda ikki davlat hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishda Italiya universitetlari va JIDU oʻrtasidagi mavjud va istiqboldagi talabalar almashinuvi dasturlarining roli muhokama qilindi.

    Uchrashuvda Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri talabalarning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tarafdan bilimlarini chuqurlashtirish va kelajakda ularning malakasini oshirish uchun yangi taʼlim dasturlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

    Oʻz navbatida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev tomonidan ikki davlat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar bildirildi. Xususan, kelgusida ikki davlat universitetlari ilmiy tajribalarini amaliyotga joriy etishga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan qoʻshma ilmiy loyihalar muhokama qilindi. Italiya universitetlari va JIDU oʻrtasida konferensiya va seminarlar oʻtkazish va talabalar uchun maxsus oʻquv kurslari tashkil etishga qaratilgan ikki tomonlama shartnomalar tuzish rejaga kiritildi.

    Shuningdek, talabalarga nafaqat bilim olish, balki sayohat qilish, ikki davlat madaniyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi taʼlim dasturlari va imkoniyatlarini yaratish va rivojlantirish taʼlim tizimini xalqaro standartlarga olib chiqishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Uchrashuv doirasida akademik va madaniy aloqalar rivojiga yangi surʼat bagʻishlovchi hamda ikki mamlakat talabalari va oʻqituvchilariga xalqaro loyihalarda tashabbus koʻrsatish imkonini beradigan, hamkorlik toʻgʻrisidagi tegishli memorandumlar imzolanishiga kelishish uchrashuvning ahamiyatga ega tomonlaridan biri boʻldi.

    Uchrashuv yakunida mehmon JIDU talabalari tomonidan siyosiy mavzularda berilgan savollarga atroflicha javob berar ekan, ularning bilim salohiyatini yuqori baholadi.


    Zulxumor Maxmudova,

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tayanch doktoranti