Madaniy tadbir doirasida Italiyaning Rim va Viarejjio shaharlarida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri simfonik orkestri gala-konserti italiyalik hamda u yerda istiqomat qiluvchi oʻzbekistonliklarga taqdim etildi. Xususan, tomoshalarga oʻzbekistonlik dunyoga mashhur futbolchi Eldor Shomurodov ham tashrif buyurdi.
Shuningdek, Italiyadagi madaniyat kunlari doirasida ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida, Oʻzbekiston madaniyat vaziri oʻrinbosari Yusufjon Usmonov boshchiligidagi delegatsiya bir qator italiyalik madaniyat sohasi vakillari bilan uchrashdi. Jumladan, Italiya madaniyat vaziri oʻrinbosari Janmarko Massi bilan hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekiston va Italiya – bu ikki buyuk madaniyatga ega davlatlar. Italiya sanʼat va tamaddun markazi sifatida jahon tarixida muhim oʻrin egallasa, Oʻzbekiston Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi qadimiy sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlib kelgan. Bu zamin Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Fargʻoniy kabi buyuk alloma vatani boʻlib, oʻzining boy madaniy merosi bilan ajralib turadi. Davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar tarixiga nazar solsak bu uzoq tarixga ega. Xususan, sohibqiron Amir Temur davrida davlatlarimiz oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatildi. Hozirgi kunda davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy hamkorlik yuqori darajaga koʻtarildi. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2024-2026-yillarga moʻljallangan madaniy hamkorlik dasturi imzolandi. Ushbu hujjatga asosan, hamkorligimiz yanada rivojlanib bormoqda” — dedi Yusufjon Usmonov uchrashuv davomida.
Uchrashuv doirasida ikki davlatning madaniy hamkorligini yanada rivojlantirish uchun bir qator takliflar ilgari surildi:
Birinchi, ikki davlat teatrlari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, oʻzbek teatrlari texnik mutaxassislari Italiya teatrlarida malakasini oshirish masalasini koʻrib chiqish;
Ikkinchi, madaniyat sohasidagi taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro tajriba almashish, oʻqituvchi va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish;
Uchinchi, madaniyat markazlarini boshqarish sohasida oʻzaro hamkorlik qilish;
Toʻrtinchi, Oʻzbekiston madaniyat vazirligi huzurida nomoddiy madaniy merosni tadqiq qilish va uni asrash boʻyicha ilmiy institut tashkil etilgan. Ushbu institut bilan shu sohada faoliyat olib boruvchi Italiya tashkiloti oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish;
Beshinchi, 2025-yilda Oʻzbekistonda Italiya madaniyati kunlarini oʻtkazish;
Oltinchi, 2025-yilda Oʻzbekistonda Marko Poloning 770-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish.
Yuqoridagi hamkorliklarni amalga oshirish maqsadida, ikki davlat vazirliklari oʻrtasida 2025-2027-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar Dasturini imzolash taklif etildi.
Shuningdek, xizmat safarining navbatdagi kunlarida Oʻzbekiston madaniyat vaziri oʻrinbosari Yusufjon Usmonov boshchiligidagi delegatsiya quyidagi bir necha italiyalik madaniyat sohasi vakillari bilan uchrashdi: Italiyaning mashhur festivali Pucchini xalqaro festivali prezidenti Fabritsio Mirakolo, “MAGISTER ART” kompaniyasi rahbari Renato Saporito, Auditorium Parco della Musica Ennio Morricone konsert muassasalari kompleksi rahbariyati hamda Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi vakillari.
Uchrashuvlar yakunida Italiyadagi Oʻzbekiston madaniyati kunlari ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik va madaniy hamkorlik ramziga aylanishi taʼkidlandi.
Italiyadagi Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasida Rimning “Teatro Italia” teatrida va Viarejjioning “Teatro Eden” teatrida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri simfonik orkestrining gala konserti boʻlib oʻtdi.