Italiyada O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi vakolatxonasi ochiladi

    Xalqaro hamkorlik 14 Avgust 2022 4299

    Unda birja ishtirokchilari, savdo qilinayotgan tovarlar ro‘yxati, amalga oshirilayotgan kelishuv va kontraktlar hajmi bo‘yicha batafsil maʼlumot taqdim etildi.

    Respublika tovar-xom ashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, ularda Italiya kompaniyalari ishtirokini yo‘lga qo‘yish maqsadida mamlakatimizning Rimdagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi raisi o‘rinbosari Nabixon Samatov, rais maslahatchisi Hikmatullo Tillaboyev va “Imagro Group” (Italiya) prezidenti Massimo Pollio ishtirokida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Elchi Otabek Akbarov bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, erkin bozor mexanizmlaridan samarali foydalanish, chet el ishbilarmon doriralari bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida so‘zlab berdi.

    Hikmatullo Tillaboyev taqdimot shaklida Italiya tomonini O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi faoliyati bilan tanishtirdi. Unda birja ishtirokchilari, savdo qilinayotgan tovarlar ro‘yxati, amalga oshirilayotgan kelishuv va kontraktlar hajmi bo‘yicha batafsil maʼlumot taqdim etildi.

    Birjaning imkoniyatlari va istiqbollari, ayniqsa, yangi xorijiy mamlakatlar bozorlarini o‘zlashtirish, xorijiy ishbilarmon doiralari bilan hamkorlik qilish yo‘nalishidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Italiya kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rifvojlantirishga qiziqish bildirildi.

    Massimo Pollio so‘nggi yillarda Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik turli yo‘nalishlarda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada jadal ravishda kengayib borayotganini taʼkidladi.

    Respublikamizning keng iqtisodiy imkoniyatlari va salohiyatini inobatga olgan holda Italiya ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta qiziqish bildirilayotgani qayd etildi.

    Massimo Pollio, shuningdek, O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi bilan hamkorlik o‘rnatish, mamlakatimiz savdo maydonchasini ochish va uzoq muddatli sheriklikni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. U, shuningdek, nafaqat Italiya, balki Ruminiya, Gretsiya, Fransiya va boshqa qo‘shni davlatlar kompaniyalari bilan ham savdo-sotiq munosabatlarini kengaytirishda ko‘maklashish imkoniyatiga ega ekanini maʼlum qildi.

    Italiya kompaniyasi rahbari hamkorlikning dastlabki qadami sifatida “Imagro Group”ning Milan shahridagi ofisi qoshida O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi vakolatxonasini ochishni taklif qildi. Bundan tashqari, ikki tomonlama Anglashuv memorandumini imzolashga tayyorligini aytdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi.