Shu yilning 16—20-oktyabr kunlari Rimdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Bosh qarorgohida bo'lib o'tgan Butunjahon oziq-ovqat forumi doirasida oziq-ovqat tizimlarini o'zgartirishda agro—oziq-ovqat ta'limining roliga bag'ishlangan O'zbekistonning maxsus tadbiri (side event) bo'lib o'tdi.
Unda mazkur nufuzli xalqaro forumda O'zbekiston nomidan ishtirok etayotgan Toshkent Davlat agrar universiteti talabalaridan iborat yoshlar delegatsiyasi faol ishtirok etdi. Forum doirasida yoshlar, ilm-fan, innovatsiyalar va sarmoyalarga bag'ishlangan tadbirlar, muloqotlar o'tkazildi. Xalqaro sana dunyo etakchilari, ekspertlar, xalqaro moliya institutlari va xususiy sektor vakillari, jamoat arboblari, yoshlar va faollarni birlashtirdi.
Tadbir O'zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi tomonidan FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi va Toshkent Davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir mehmonlari O'zbekistonning madaniy merosi va uning qishloq xo'jaligi an'analariga ta'siri bilan tanishish, mamlakat yoshlarining ta'lim sohasidagi imkoniyatlari haqida ko'proq bilish, mamlakatning noyob tajribasi va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi yutuqlarini baholash imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Tadbir ishtirokchilariga o'zbek xalqining boy madaniy merosi va o'ziga xosligini aks ettiruvchi o'zbek oshxonasining asosiy milliy taomi bo'lgan palov tortildi. An'anaga ko'ra, tadbir Rim shahridagi FAOning bosh qarorgohida joylashgan “Uzbekistan lounge” tematik zalida bo'lib o'tdi.