Italiya davlatining Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida Koʻhna Qitʼaning “Italian Traide Agensy” uyushmasi hamkorligida yurtimizda madaniy meros yodgorliklari sohasidagi islohotlar, nomoddiy boyliklarimizni asrab-avaylash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakat, qadim tarixiy ahamiyatga ega Samarqand, Xiva, Buxoro kabi shaharlardagi meʼmoriy obidalarda xorijiy mutaxassislar ishtirokida restavratsiya ishlarini loyihalashtirish va amalga oshirish yuzasidan oʻzaro kelishuvga erishilgan.
Shu munosabat bilan mazkur uyushma rahbari – Kastelliani Martinyo, “Assorestauro” pudrat tashkiloti direktori Grilletto Andrea, “ARS Progetti” tashkiloti rahbari Barusso Patrisia, xodimi Fansiulachchi Daniyeli, “ICE Roma” tashkiloti rahbari Innamorati Frankolardan iborat delegatsiya aʼzolari bugun, 16-mart viloyat hokimi Botir Zaripov qabulida boʻldilar.
Muzokara avvalida viloyat rahbari mehmonlarga Koʻhna Qitʼaning qadim Rim shahri qadar oʻz tarixi va boy madaniy merosiga ega Buxoro shahri haqida atroflicha maʼlumot berdi. Eʼtirof qilinganidek, ayniqsa, Arab xalifaligi va somoniylar davrida shaharning yuksalgani, Buxoroning nomlaridan “Foxira” (“Faxrli shahar”) atamasi Narshaxiynint taʼrifi boʻyicha, Islom dinining barqarorligi yoʻlida qon toʻkkan shahidlar sharafiga nisbat qilib berilgan.
Buxorodan Islom dini va hadis ilmlarining yirik targʻibotchilari va tasnifchilari – buyuk muhaddis Imom Buxoriy va boshqalar yetishib chiqqani biz uchun ham faxr, albatta. “Buxoro tarixiy markazi” nomi bilan YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazi 555 gektarni tashkil etadi. Uning bufer zonasida 280 ta moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyekti joylashgan.Qayd etilganidek, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert Kengashining 2021-yil 15-noyabrda oʻtkazilgan 31-sonli majlisi bayonida 2022-yilda respublikaning tarixiy shaharlarida taʼmirlash-tiklash va asrashga doir ishlar olib boriladigan madaniy meros obyektlarining roʻyxati tasdiqlangan.
Unga koʻra, shu yil yakuniga qadar Buxoro viloyatidagi 36 ta obyektda restavratsiya va konservatsiya ishlarini olib borish belgilangan. Madaniy meros agentligining viloyat boshqarmasi tasarrufidagi bu inshootlardan 23 ta madaniy meros obyektini restavratsiya qilish respublikaning 2022-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish Dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun, Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» gi qarori talablaridan kelib chiqqan holda Buxoroda turizm obyektlarining yondosh infratuzilmalarni barpo etish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiyalash chora-tadbirlarining manzilli dasturiga muvofiq, viloyatdagi 7 ta madaniy meros obyektlarida taʼmirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Madaniy meros agentligining Buxoro viloyat boshqarmasidan oilngan maʼlumotga binoan, mahalliy byudjet hisobidan shu yil Buxoro shahri va Gʻijduvon tumanida 3 tadan, Vobkent, Buxoro va Qorovulbozor tumanida 1 tadan, viloyat boʻyicha jami 9 ta madaniy meros obyekti taʼmirlanadi.
Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan “Chor Minor”, “Rahmonqul” madrasalari, “Samarqand darvozasi”, “Zindon”, “Kulita” karvonsaroyi va boshqa shu hududlardagi madaniy meros obyektlarini yomgʻir suvlari taʼsiridan asrash zarurligini inobatga olib, mazkur koʻchalarning yoʻlaklarini taʼmirlab, yomgʻir suvlari yoʻllarini madaniy meros obyektlaridan uzoqlashtirish choralari koʻrilmoqda. Yana bir eʼtiborga molik dalil.
Xalqaro UNESCO tashkiloti bilan hamkorlik doirasida oʻtgan yili Buxoro shahrining tarixiy qismida joylashgan “Abdullaxon” madrasasini qisman joriy taʼmirlash maqsadida grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha soʻrovnoma hujjatlari tayyorlangani holda xalqaro tashkilotga taqdim etilgan. Natijada “Abdullaxon” madrasasini joriy taʼmirlash loyihasi uchun 30 ming AQSH dollari miqdorida grant mablagʻi ajratilgan. Hozirda bu inshootda loyihalash ishlari davom etmoqda.
Oʻz navbatida, samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun viloyat mutasaddilariga minnatdorligini izhor qilgan Italiya delegatsiyasi rahbari Kastelliani Martinyo koʻhna Buxoro shahri va undagi osori-atiqalar haqida yetarlicha maʼlumotga ega ekanligini, albatta, iqlim sharoiti, vaqt va makon bilan bogʻliq oʻzgarishlarni batafsil oʻrgangan holda qadim meʼmoriy yodgorliklarni asl holicha saqlab qolish va kelgusi avlodlarga bus-butunligicha yetkazishda mamlakatimiz bilan yaqin va samarali hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati