Yillik anjumanda ITBga aʼzo mamlakatlarning 57 nafar hukumat vakillari, moliya, iqtisodiyot, rejalashtirish va xalqaro hamkorlik vazirlari, markaziy banklar rahbarlari va boshqa rasmiylar, shuningdek, turli koʻp tomonlama rivojlanish banklari (MDB) va xalqaro rivojlanish tashkilotlari, biznes sektori, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, OAV va boshqa manfaatdor tomonlar vakillari qatnashadi. Jami 2 000 dan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutiladi.
Bu yilgi Yillik anjuman jahon iqtisodiyotning pasayishiga sabab boʻlgan COVID-19 pandemiyasi fonida boʻlib oʻtyapti. Shuni hisobga olgan holda, tadbir doirasida aʼzo mamlakatlarda va jahon miqyosida vaksinalarning ommabopligini taʼminlash, pandemiya tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarni hal etish hamda iqtisodiyotlarning kompleks tiklanishini ragʻbatlantirish mexanizmlari muhokama qilinadi.
Barcha sanitariya-epidemiologiya chora-tadbirlariga rioya qilingan holda oʻtkaziladigan uchrashuvlar muammolarni muhokama qilish va ITBga aʼzo mamlakatlarning rivojlanish imkoniyatlarini oʻrganish uchun nihoyatda qulay platforma hisoblanadi. Bir qator masalalar Yillik anjuman doirasida oʻtkaziladigan alohida mavzudagi seminar va tadbirlarda koʻrib chiqiladi. COVID-19 sharoitlarida barqarorlikni oshirish, global iqtisodiy tiklanishning yoʻli sifatida barqaror qoʻshilgan qiymat zanjirlarini tiklash, yoshlarni har tomonlama rivojlantirish, ish oʻrinlarini yaratish va boshqa bir qator qiziqarli mavzular koʻtariladi. Shuningdek, IBR huzuridagi Transformatsiya jamgʻarmasi tomonidan turli sohalarda “ertangi kun innovatsiyalari” taqdimoti tashkil etiladi.
Yillik anjuman, shuningdek, ITB Guruhiga aʼzo boʻlgan mamlakatlarni birlashtiruvchi boshqa tegishli tashkilotlarning umumiy majlislarini oʻtkazish uchun platforma hisoblanadi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Islom taraqqiyot banki (ITB) Guruhi haqida
Asosiy reyting agentliklari tomonidan AAA darajasida baholangan Islom taraqqiyot banki koʻp tomonlama rivojlanish banki boʻlib, 45 yil davomida aʼzo mamlakatlarda hayot darajasini va sifatini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli institutsional yordam berib keladi. Bank toʻrt qitʼa boʻylab 57-aʼzo mamlakatlarni birlashtiradi, dunyo aholisining beshdan bir qismini hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Uning missiyasi odamlar oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun infratuzilmani yaratib, ularga oʻz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini yuqori darajaga olib chiqish imkonini berishdir. Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida joylashgan ITB 11 aʼzo mamlakatlaridagi mintaqaviy markazlarga va ilgʻor tajriba markazlariga ega.
Yillar davomida faoliyat koʻrsatib, Bank bitta tashkilotdan Islom taraqqiyot banki (IsDB), tadqiqotlar oʻtkazish va taʼlimga masʼul boʻlgan Islom taraqqiyot banki instituti (IsDBI), Islom investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurta qilish korporatsiyasi (ICIEC), Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi (ICD) va Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyalari (ITFC) kabi beshta yirik tuzilmadan tashkil topgan Guruhga aylandi.
Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun ITB Marketing va kommunikatsiyalar departamenti direktori ofisiga murojaat qilishingiz mumkin.
Elektron pochta manzili: directormcd@isdb.org.