Tadbir davomida oʻtgan yilda ITBga aʼzo mamlakatlar oldida turgan ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi muammo va qiyinchiliklar yuzasidan fikr almashildi. Ular orasida kambagʻallik darajasining oshishi va alohida mamlakatlarda hamda mamlakatlararo va mintaqalararo darajalarda oʻsib borayotgan tengsizlik bor.
Davra suhbati koviddan keyingi davrda yanada barqaror rivojlanish surʼatlarini belgilovchi asosiy omillar va ITBga aʼzo mamlakatlar hukumatlari oldida turgan muammolarni hal qilish mexanizmlarining yagona tushuncha va koʻrinishlarini shakllantirish uchun platforma boʻldi.
Bank rahbariyatining maʼlum qilishicha, ITB sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirishga investitsiyalar kiritib, pandemiya oqibatlarini bartaraf etishda aʼzo mamlakatlarga amaliy koʻmak berish yoʻlida izchil ish olib boradi. Kovidga qarshi vaksinalarning ommabopligiga va aholini ommaviy emlashni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini yaratish orqali Bankka aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlarining ijtimoiy-iqtisodiy xavflarga qarshi barqarorligini taʼminlash mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bunda, ITB investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikning asosiy katalizatori hamda Bankka aʼzo mamlakatlar iqtisodiyoti uchun birlashtiruvchi boʻgʻin sifatida oʻz rolini saqlab qoladi.
Davra suhbatida soʻzga chiqqanlar Bankning kelgusi faoliyati va qoʻyilgan vazifalarning samarali yechimlari uchun yaqin istiqboldagi strategiyasini ishlab chiqishga asos boʻladigan ITBga aʼzo mamlakatlarda barqaror rivojlanish, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni ragʻbatlantirish hamda iqtisodiy faoliyatni tiklash uchun Bank resurslarini safarbar etish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.