ITIM maʼlumotlariga koʻra, bu koʻrsatkich soʻnggi ikki yil ichida qayd etilgan eng yuqori daraja sifatida eʼtirof etilmoqda.
Eng barqaror biznes faolligi oʻsishi xizmatlar va sanoat sohalarida qayd etildi. Qishloq xoʻjaligi hamda qurilishda ham tiklanish kuzatilmoqda. Bu koʻrsatkichlar tadbirkorlik muhitining barqaror transformatsiyasini aks ettirmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil iyun oyi uchun respublika boʻylab tadbirkorlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlar asosida biznes muhiti tahlili natijalarini eʼlon qildi. Tahlil natijalari asosida biznes muhiti indeksi shakllantirildi, u biznesning hozirgi holati va yaqin kelajakdagi rivojlanishi boʻyicha baholarni aks ettiradi.
Biznes muhiti indeksi
Iyun oyida biznes muhiti indeksi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 10 bandga oshib, 63 bandni tashkil etdi. Bu esa uzoq muddatli istiqbolda biznes ishonchining mustahkamlanayotganini koʻrsatadi. Shuningdek, oʻtgan oyga nisbatan ham 2 bandga oʻsish qayd etildi, bu esa joriy yil boshidan beri eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Oʻzbekistonda biznes muhitining dinamikasi
Iyun oyida biznes muhiti indeksining joriy holati 47 bandni tashkil etdi, bu esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 bandga oshganligini koʻrsatadi.
Biznesning joriy holati indeksi tadbirkorlarning mamlakatdagi real vaziyat va biznes yuritish sharoitlari haqidagi tasavvurini aks ettiradi. Unda savdo hajmi, bandlik, talab, resurslarga yetishimlilik hamda operatsion muhit barqarorligi kabi omillar inobatga olinadi.
Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalar indeksi 6 bandga oshib, 80 bandni tashkil etdi. Bu esa tadbirkorlarning barqarorlikka boʻlgan ishonchini namoyon etmoqda.
Natijalarga koʻra, tadbirkorlarning 38% soʻnggi uch oyda oʻz biznesi holatining yaxshilanganini maʼlum qilgan, 38% talab oʻsganligini qayd etgan, 24% esa ishchilar sonining koʻpayganini bildirgan. Shu bilan birga, soʻrovda ishtirok etganlar tadbirkorlarning 71% kelgusida talab oʻsishini, 59% ishchilar soni koʻpayishini, 21% esa narxlar oʻsishini kutmoqda.
Sektor tahlili
2025-yil iyun oyida sanoatda biznes muhiti indeksi ijobiy dinamikani namoyon etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 bandga yaxshilandi va 59 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar indeksi 73 banddan 83 bandgacha oʻsdi. Joriy holat indeksi 37 band darajasida oʻzgarishsiz qoldi.
Soʻrov natijalariga koʻra, sanoatdagi tadbirkorlarning 38% soʻnggi uch oyda biznesi yaxshilanganini maʼlum qilgan (2024-yil iyun oyida bu koʻrsatkich 32%ni tashkil etgan edi). Shuningdek, korxonalarning 79% kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini kutmoqda, bu oʻtgan yilgi 71%ga nisbatan yuqori koʻrsatkichdir.
Qishloq xoʻjaligida biznes muhiti oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3 bandga yaxshilandi va 59 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, joriy holat indeksi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 bandga (35 banddan 41 bandga) oshdi, istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 3 bandga (80 banddan 83 bandga) oʻsdi.
Natijalarga koʻra, qishloq xoʻjaligidagi tadbirkorlarning 49% oʻz faoliyatining joriy holatini «qoniqarli« deb baholagan. Shu bilan birga, 22% soʻnggi uch oyda ishchilar soni oʻsganligini, 79% esa kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini qayd etdi.
Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi oʻtgan yilga nisbatan 17 bandga yaxshilandi va 68 bandni tashkil etdi. Istiqboldagi kutilmalar indeksi 11 bandga (68 banddan 79 bandgacha) oshdi, joriy holat indeksi esa 22 bandga (34 banddan 57 bandgacha) oʻsdi.
Xizmatlar sohasidagi tadbirkorlarning 47 % joriy holatni “yaxshi” deb baholagan, 39 % soʻnggi uch oyda biznes sharoitlarining yaxshilanganini qayd etgan, 71 % esa kelgusida talab oʻsishini kutmoqda.
Qurilish tarmogʻida biznes muhiti indeksi oʻtgan yilga nisbatan 4 bandga oʻsib, 61 bandni tashkil etdi. Joriy holat indeksi 15 bandga oʻsib, 49 bandga yetdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar indeksi 9 bandga kamayib, 73 bandni tashkil etdi
Shu bilan birga, qurilishda soʻnggi uch oyda biznes holati «yaxshilandi« deya 36% respondent qayd etgan, kelgusida biznes holati oʻzgarmasligini kutayotganlar 21% tashkil etgan. Qurilish tarmogʻi amaldagi oʻzgarishlarga moslashib, barqarorlikni namoyon etmoqda.
Umuman olganda Oʻzbekistonda biznes muhiti ijobiy dinamikani namoyon etmoqda, sohalarning koʻpchiligida biznes faolligi barqaror oʻsmoqda. Shu bilan birga, eng katta optimizm sanoat va qishloq xoʻjaligida kuzatilmoqda, xizmatlar sohasi esa oʻrtacha oʻsish surʼatini saqlab turibdi.
Oʻzbekiston biznes muhiti indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalarda oʻtkazilgan soʻrovlar asosida hisoblab chiqiladi. Biznes muhitining oʻzgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. Soʻrovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa koʻrsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan oʻzgarishlarni baholaydilar.








