ITSVda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 13 Aprel 2022 896

    Joriy yil 11-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov XVJ kelishuv moddalarining IV-moddasiga muvofiq, 2022-yildagi maslahatlashuvlar uchun Oʻzbekistonda boʻlib turgan Ron van Roden boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy siyosat, investitsiyaviy muhitni yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlarni jalb qilish, qoʻllab-quvvatlash va huquqiy himoya qilish mexanizmlari, shuningdek, Davlat investitsiya dasturining ijrosi koʻrib chiqildi.

    Investitsiyaviy loyihalarni boshqarish tizimini takomillashtirish, XVJ tomonidan oʻtkazilgan davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) natijalari hamda xalqaro moliya institutlari ishtirokida loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda koʻmaklashish nuqtayi nazaridan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining roliga toʻxtalib oʻtildi.

    XVJ missiyasiga koʻra, Oʻzbekistonda Davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarning sezilarli natijalari mamlakatning jahon ishbilarmon doiralari oʻrtasida ijobiy imidjini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Shu munosabat bilan missiya tomonidan Oʻzbekistonni investitsiyalar kiritish uchun jozibador va barqaror rivojlanayotgan davlat sifatida yaqqol namoyon eta olgan hamda mamlakatdagi iqtisodiy siyosatning muvaffaqiyatini keng targʻib etishga xizmat qilgan birinchi Toshkent investitsiya forumining oʻz vaqtidaligini taʼkidladi.

    Shuningdek, tashqi savdo siyosati va Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Tadbirkorlar va eksportchilar bilan yaqin va doimiy hamkorlik qilish natijasida erishilgan yutuqlar koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarining, xususan, investitsiyaviy, savdo, transport va logistika sohalaridagi munosabatlarining bugungi holati missiya aʼzolarida alohida qiziqish uygʻotdi. Yirik hamkor davlatlar bilan tuzilgan shartnomalar, amalga oshirilayotgan qoʻshma investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar, shuningdek, oʻrta va uzoq muddatli istiqbollardagi hamkorlikni kengaytirish rejalari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

    Oʻzbekistonning tashqi savdoni liberallashtirish, asosiy hamkorlar bilan savdo munosabatlaridagi toʻsiqlarni bartaraf qilish va koʻp tomonlama savdo tizimlariga integratsiyalashuvidagi yutuqlari yuqori baholandi.

    XVJ missiyasining rahbari Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining (YEI) barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv uchun Preferensiyalar bosh tizimi (GSP+) va Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar bosh tizimi kengaytirilgan sxemasi (GSP Enhanced framework) benefitsiar mamlakat maqomiga ega boʻlganini olqishladi.

    Ron van Roden “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasi va toʻqimachiligiga eʼlon qilingan boykot bekor qilinishiga erishishda amalga oshirilayotgan islohotlarning rolini alohida taʼkidlab oʻtdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayonining hozirgi holati, shuningdek, muzokaralar jarayonini ilgari surish boʻyicha navbatdagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar mamlakatni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi hamda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi turli prognozlarni muhokama qildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: XVJ missiyasi 2022-yil 31-martdan Oʻzbekistonda boʻlib, tegishli vazirlik va idoralar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Muhokamalarda iqtisodiyotimizning joriy holati, uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, iqtisodiy siyosatning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.

    XVF Nizomining IV-moddasiga muvofiq, Jamgʻarma missiyalari muntazam ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazish hamda texnik yordam koʻrsatish maqsadida aʼzo mamlakatlarga tashrif buyuradi. Missiyalarning faoliyati iqtisodiyot, moliya sektori va statistika sohasidagi ishlarning holatini oʻrganish, shuningdek, keyingi iqtisodiy islohotlarning yoʻnalishlarini aniqlashga qaratiladi. Tashriflar natijasida mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyatni tahlil qilish natijalari va qisqa muddatli prognozlarini aks ettiruvchi tegishli hisobotlar tayyorlanadi va eʼlon qilinadi. 2017-yildan boshlab, yillik maslahatlashuvlardan tashqari, XVJ iqtisodiy siyosatning turli sohalarida ekspert va texnik yordam missiyalarini tashkil etib kelyapti.