Qayd etilishicha, reyting 2025 yil yakunlari bo‘yicha bir qator asosiy mezonlar asosida tuzildi. Asosiy ko‘rsatkich sifatida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi — ya’ni jalb qilingan mablag‘larning amalda iqtisodiyotga yo‘naltirilgan qismi olindi.

Shuningdek, quyidagi qo‘shimcha mezonlar ham inobatga olindi:
— to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi;
— investitsiya hamkorlari geografiyasi;
— loyihalarni ishga tushirish darajasi;
— investitsiyalarning tarmoqlar kesimida taqsimoti.

Bu yondashuv hududlarni faqat hajmiy emas, balki sifat jihatidan ham baholash imkonini berdi.

Tahlil jarayonida ochiq va ko‘p manbali ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Jumladan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hisobotlari, Savdo-sanoat palatasi materiallari, viloyat hokimliklarining rasmiy ma’lumotlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq axborotlar.

Ma’lumotlar o‘zaro solishtirilib, triangulyatsiya usuli orqali tekshirildi va bu natijalar ishonchliligini ta’minladi.

Reyting O‘zbekistonning barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi tuman va shahar hokimliklarini qamrab oldi.

Biroq Toshkent shahri reytingga kiritilmadi. Bu uning iqtisodiy va investitsiya muhitining boshqa hududlardan sezilarli farq qilishi bilan izohlanadi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra quyidagi hokimlar eng yuqori natijalarni qayd etdi:

— Qobil Hamdamov — Olmaliq shahri (835,2 mln dollar)
— Azamat Fayziyev — Nurota tumani (719,4 mln dollar)
— Anvar Baymuratov — Qorao‘zak tumani (593,2 mln dollar)
— Xurshid Tohirov — Qorako‘l tumani (581,5 mln dollar)
— Bekzad Madaminov — Qo‘ng‘irot tumani (580,7 mln dollar)
— Boburjon Yo‘ldashev — Andijon tumani (548,5 mln dollar)
— Dilmurod Ergashev — Navoiy shahri (507,0 mln dollar)
— Anvar Tajimirzayev — Davlatobod tumani (458,5 mln dollar)
— Uskenbay Atemov — Yuqori Chirchiq tumani (435,2 mln dollar)
— Qosim Mardonov — Angor tumani (434,7 mln dollar)

2025 yil natijalari O‘zbekistonda hududiy investitsiya faolligi barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatdi, deyiladi harakat axborotida.