IVV oyiga 10 ming dollar topishni “oʻrgatgan” biznes-trener qidiruvga berilganini eʼlon qildi

    Biznes-trener Islom Ibrohimov qidiruvga berilgani maʼlum boʻldi. Bu haqda IIV rasmiy saytining qidiruvdagi shaxslar boʻlimida eʼlon paydo boʻldi.

    Eʼlonda koʻrinishicha, Islom Ibrohimov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni (firibgarlik, juda koʻp miqdorda) sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvga berilgan.

    Jinoyat kodeksida ushbu turdagi jinoyat uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha (132 mln soʻmdan 198 mln soʻmgacha) miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilangan.

    Islom Ibrohimov asosan biznesda muvaffaqiyatga erishish, boy boʻlish haqidagi treninglari bilan tanilgan. Maʼlum bir toʻlov evaziga turli viloyatlarda ushbu turdagi treninglar oʻtkazib kelgan.

    "SUBYEKTIV" oldinroq “biznes-trening” nomi ostida sotilayotgan kurslar hamda ular orasida oʻzi haqida yolgʻon maʼlumot tarqatish orqali mijoz yigʻayotganlar haqida film tayyorlagan edi. Unda Islom Ibrohimov faoliyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtilgandi.

    Islom Ibrohimov 1996-yili Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tugʻilgan. 2021-yilda “Yoshlar” telekanalining Start up club loyihasiga bergan intervyusida u oʻrta maxsus taʼlimni Toshkent shahridagi Yuridik kollejida olgani, aktyor boʻlish maqsadida Konservatoriyaga topshirib, kira olmagani haqida soʻzlab bergan.

    2022-yilda Islom Ibrohimov tadbirkorlikni oʻrgatadigan Business Invest biznes-markazini ochgandi. Shuningdek, u YouTubeʼdagi motivatsion roliklari bilan tanilgan. Shu kabi videolarining birida u bir oyda 10 ming dollar topish yoʻlini oʻrgatgan. Uning usuli va yoʻnalishi ijtimoiy tarmoqlarda koʻp bora tanqid qilinib, kulgiga olingandi.