“Oldimizda toʻrt yil vaqt bor. Oʻylaymanki, sport federatsiyalari rahbarlari oʻzlariga xulosa qilib, Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan olimpiadaga munosib tayyorgarlik koʻradilar”, — dedi Prezident.

Bunga erishish uchun har bir olimpiya sport turini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shu maqsadda kelgusi toʻrt yilda sportchilarni tayyorlash boʻyicha katta dasturlar qabul qilinadi.

Har bir yoʻnalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi boʻyicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Bu borada “Olimpiya shaharchasi”da musobaqalar va oʻquv-mashgʻulotlarni ilgʻor xorijiy tajribalar asosida oʻtkazish boʻyicha alohida tizim yaratiladi.

Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yoʻnalishi boʻyicha tashkil qilinadi.