Hukumat qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablarining maqomi, asosiy vazifalari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Nizomga koʻra, sport maktablarida sport turlari boʻyicha 5—11-sinflarda taʼlim beriladi.
Gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga talab va takliflardan kelib chiqib, 7—11 yoshdagi oʻquvchi-sportchilarni 1—4-sinflarga oʻqishga qabul qilishga ruxsat etiladi.
Taʼlim jarayoni oʻquvchi-sportchilar soni 12 – 24 nafargacha boʻlgan sinflarda tashkil etiladi.
Oʻquvchi-sportchilarning sport mahorati darajasini oshirish maqsadida qishqi taʼtilda 15 kun, yozgi taʼtilda 45 kun, jaʼmi 60 kunlik oʻquv-mashq yigʻinlari oʻtkaziladi.
Sport maktablarining 9-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi shahodatnoma, 11-sinf bitiruvchilariga tegishli sport turlari boʻyicha diplom hamda trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun malaka sertifikati beriladi.