Emlash boʻyicha yevrokomissar Terri Bretonning LCI telekanaliga bergan intervyusiga koʻra, sertifikatni smartfonga yuklash yoki qogʻoz shaklida chiqarib olish mumkin boʻladi.

“U majburiy emas, biroq aviakompaniyalar uni talab qilishi mumkin”, deb qoʻshimcha qilgan Breton.

Taʼkidlanishicha, QR-kodga ega hujjatda uning egasi ismi-sharifi, tugʻilgan sanasi, pasport raqami, emlanganligi va bunda qaysi vaksina qoʻllangani, koronavirus bilan kasallangani yoki yoʻqligi haqidagi maʼlumot saqlanadi.

Ushbu hujjatni olishni istovchilar uni oʻz davlatlarida soʻrashlari kerak boʻladi. Bretonga koʻra, hujjatni joriy qilishdan maqsad “Yevropa ittifoqida harakatlanishni tiklash, odamlarning normal hayot tarziga qaytishi va oʻzi hamda oʻzgalar uchun xavfsiz harakatlana olishi” hisoblanadi.