Joriy yilning 3 aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan “Zakovat Arena”da mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar hamda oliy ta’lim muassasalarining “ijtimoiy ish” yo‘nalishi talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Ushbu bellashuv nafaqat bilim sinovi, balki avlodlar o‘rtasidagi tajriba almashinuv maydoniga aylandi.
Mazkur tadbirdan
ko‘zlangan maqsad — o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ijtimoiy ta’limni
rivojlantirish, ijtimoiy soha xodimlarining intellektual salohiyatini oshirishdan
iborat. Intellektual o‘yinda ijtimoiy xodimlardan tashkil topgan 14 ta jamoa
hamda oliy ta’lim muassasalarining “ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi talabalaridan
iborat 15 ta jamoa ishtirok etdi. Jami 29 ta jamoa o‘rtasida qizg‘in va mazmunli
bahslar bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, butun
dunyoda 1983 yildan buyon mart oyining uchinchi seshanbasi Butunjahon ijtimoiy ish
xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana ijtimoiy himoya tizimida faoliyat
yurituvchi xodimlarning mehnati, ularning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini
e’tirof etish maqsadida o‘tkaziladi. Bugungi kunda mazkur sana 140 dan ortiq
mamlakatda nishonlanib kelinmoqda.
O‘zbekistonda ham Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan joriy
yilning 17 mart kunidan 17 aprelgacha “Ijtimoiy ish oyligi” o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida “Zakovat” intellektual o‘yinini tashkil etish
rejalashtirilgan.
“Bu tadbir ijtimoiy
xodimlar va talabalarni birlashtirish, ular o‘rtasida tajriba va ma’lumot
almashinuvini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi”, — dedi agentlikning ijtimoiy
ish bo‘limi bosh mutaxassisi Shahzod Ismoilov.
Tadbir davomida
ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in va mazmunli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi. Har
bir tur murakkab va mantiqiy savollardan iborat bo‘lib, jamoalardan nafaqat
chuqur bilim, balki tezkor fikrlash va jamoaviy hamjihatlikni talab qildi.
Ayniqsa, o‘yin
jarayonida ishtirokchilarning hayajoni yaqqol sezildi. Bellashuv qatnashchilaridan biri
— Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Shohista Husanova
shunday dedi:
“Hozirda
o‘tkazilayotgan “Zakovat” intellektual bellashuvi
juda qiziqarli va mazmunli o‘tmoqda. Har bir jamoada o‘ziga xos hayajon bor.
Savollar esa ishtirokchilarni mantiqiy fikrlashga undamoqda. Bunday tadbirlar
ko‘proq tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki ishtirokchilar o‘zaro fikr
almashib, bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda”.
Zakovat intellektual klubi bilan hamkorlikda
tashkil etilgan ushbu o‘yin 3 turdan iborat bo‘lib, ishtirokchilarga jami 36 ta savol
taqdim etildi.
Yakuniy natijalarga
ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
- 1-o‘rin: 25 ball bilan Farg‘ona viloyati ijtimoiy
xizmatlar jamoasi;
- 2-o‘rin: 23 ball bilan Samarqand viloyati
ijtimoiy jamoasi;
- 3-o‘rin: 22 ball bilan Namangan viloyati ijtimoiy
jamoasi.
Shuningdek, Mirzo
Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining
“ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi talabalari jamoasi 15 ta oliy ta’lim muassasasi
orasında eng yuqori natijani qayd etib, e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida
g‘olib jamoalar hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari diplom va
esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Lobar Boboxonova