J-PAL Europe Oʻzbekistonni oyning eng yaxshi mamlakati deb eʼlon qildi

    Abdul Latif Jamil kambagʻallikka qarshi kurash laboratoriyasining Yevropa byurosi (J-PAL Europe) Oʻzbekistonni oyning eng yaxshi mamlakati deb eʼlon qildi. Bu haqda J-PAL Europe Twitterdagi rasmiy sahifasida yozdi.

    “May oyida bizning eʼtiborimiz Oʻzbekistonga qaratildi, bu yerda J- PAL Europe faktik maʼlumotlarni mamlakatda kambagʻallikni kamaytirish siyosatiga jalb qilish imkoniyatlarini oʻrganmoqda”, - deyiladi J-PAL Yevropa byurosi bayonotida.

    Yil boshidan beri J-PAL Yevropa byurosi Italiya, Germaniya va Ispaniyani oyning mamlakatlari deb eʼlon qildi.

    Maʼlumot uchun: J-PAL – kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha global tadqiqot markazi. 2003-yilda MIT asosida yaratilgan. Uning Yevropa, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi universitetlarida 7 ta hududiy vakolatxonalari mavjud.

    J-PAL ning asosiy tarkibi 400 dan ortiq mutaxassislarni oʻz ichiga oladi. Butun dunyo boʻylab 300 ga yaqin professor-oʻqituvchilari bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Laboratoriyaning butun faoliyati davomida 91 ta mamlakatda 1094 ta tadqiqot oʻtkazildi.

    Kambagʻallikka qarshi kurash va aholini ijtimoiy muhofaza qilishni tashkil etish Oʻzbekiston davlat siyosatining diqqat markazida boʻlib, soʻnggi 5 yil davomida mamlakatimizda bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi, deb xabar beradi review.uz.