Ma’rifatparvarga ma’lumki, arabchadan olingan “jadid” so‘zi “yangi” degan ma’noni anglatadi va uning harakati esa “jadidchilik deb yuritilgan. Yangicha ta’lim, yangicha jamiyat qurish g‘oyasini ifodalagan bu tushuncha ayni paytda ijtimoiy tafakkur usulini yangilashni ham bildiradi. Jadidlar ta’limni millat najotining asosiy omili sifatida ko‘rdilar. Ular yosh avlodni zamonaviy fan yutuqlari bilan tanishtirish, mustaqil fikrlashga o‘rgatish va ijtimoiy mas’uliyat hissini shakllantirishni eng muhim vazifa deb bilishgan. Jadidlar orzu qilgan tafakkurli va bilimli jamiyatni shakllantirishga bevosita chuqur bilim va mantiqan fikrlash orqali erishiladi.

Aynan shu fikr meni jadidlar boshlab bergan ma’rifat yo‘lini zamonaviy shaklda davom ettirish mas’uliyati haqida fikrlashga undadi. Agar jadid bobolarimiz o‘z davrida maktab va matbuot orqali millat ongini uyg‘otgan bo‘lsalar, bugungi kunda yoshlar tafakkurini rivojlantirish uchun qanday vositalar samarali bo‘lishi mumkin?

Fikrimcha, zamonaviy ta’lim va yoshlar siyosati amaliyotida intellektual o‘yinlar harakati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, zakovat o‘yinlari mantiqiy fikrlash, tezkor tahlil qilish, jamoaviy muhokama yuritish va keng qamrovli bilimni talab yetuvchi platforma sifatida shakllandi. Zakovat o‘yinlari – shunchaki savol-javob jarayoni emas. Bu tafakkurni tizimli ravishda rivojlantirish, tahliliy yondashuvni kuchaytirish va yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish vositasidir.

Shu maqsadda maslakdoshlar bilan “Yosh jadidlar” intellektual zakovat klubini tashkil etdik. Klub faoliyatining asosiy konsepsiyasi – jadidchilik merosini zamonaviy shaklda davom ettirish, ya’ni ma’rifat targ‘ibotini interaktiv va yoshlar uchun qiziqarli formatda amalga oshirishdan iborat. Zakovat savollari tarkibiga jadidlar hayoti va ijodi, milliy uyg‘onish davri, tarixiy islohotlar, adabiyot va madaniyatga oid mavzular muntazam ravishda kiritib borilmoqda.

Yaqinda faoliyat boshlanganiga qaramay 1500 dan ortiq yoshlar intellektual jarayonlarga jalb etilgani kuzatildi. Shu davr mobaynida 10 ga yaqin oflayn hamda 50 dan ortiq onlayn zakovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Eng yirik oflayn o‘yinlarda 450 nafargacha ishtirokchi qatnashdi va bu holat yoshlar orasida intellektual o‘yinlarga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Mazkur ko‘rsatkichlar jadidchilikning asosiy tamoyili – ma’rifat orqali ongni rivojlantirish endilikdap zamonaviy shaklda davom etayotganini tasdiqlaydi.

Zakovat tadbirlarini muntazam va sifatli tashkil etish uchun zarur moddiy-texnik sharoit muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayonda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan tadbirlar o‘tkazilishi uchun tegishli infratuzilma taqdim qilinishi muhim omil bo‘ldi. Universitet tomonidan ajratilgan maxsus maydon intellektual faoliyatning barqaror va tizimli yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi. Ta’lim muassasasining yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday yondashuvi zamonaviy oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy-madaniy vazifalarini namoyon etadi. Xususan, yoshlarning intellektual va ma’naviy rivojlanishini rag‘batlantirish universitet siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘zga tashlanadi.

Yoshlarni rag‘batlantirish masalasi ham alohida e’tiborga molik. Klub doirasida g‘oliblarga jadid bobolarimiz asarlari, g‘oliblik e’tirof qilingan diplom va turli esdalik sovg‘alari topshiriladi. Chunki bilimdon yosh har doim e’tirof va rag‘batga loyiq. Intellektual faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamiyatning uzoq muddatli rivojlanishiga xizmat qiladi.

Zamonaviy ma’rifiy tashabbuslarning barqaror rivojlanishi turli ijtimoiy institutlar bilan hamkorlikni talab qiladi. Shu nuqtayi nazardan, “Yosh jadidlar” intellektual klubi faoliyati doirasida bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bilan hamkorlikda yirik zakovat tadbirini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi – yoshlar o‘rtasida intellektual faollikni oshirish, ularning ijtimoiy-siyosiy ongini rivojlantirish hamda ma’rifiy muhitni kengaytirishdan iborat.

Bunday hamkorlik “Zakovat o‘yinlari” harakatining qamrov doirasini kengaytirish, hududiy yoshlarni jalb qilish va intellektual o‘yinlarni institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, turli tashkilotlarning tashkiliy va axborot ko‘magi ma’rifiy loyihalarning tizimli ravishda amalga oshirilishini ta’minlashi bilan e’tiborga loyiq.

Shu bilan birga, kelgusida oliy ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari va nodavlat notijorat tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu esa jadidchilikning asosiy tamoyili – “Ma’rifat orqali jamiyatni rivojlantirish” g‘oyasining zamonaviy institutsional shaklda davom etayotganini ko‘rsatadi.

Natijada bunday intellektual o‘yin maydonlari nafaqat bilim bellashuvi, balki yoshlarning ijtimoiy mas’uliyati, fuqarolik pozitsiyasi va tanqidiy tafakkurini shakllantiruvchi maktab vazifasini ham bajarishi shubhasiz.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jadidchilikni tarixiy harakat sifatida emas, balki tafakkur modeli sifatida talqin qilish maqsadga muvofiq. Zamonaviy zakovat harakati yoshlar orasida tanqidiy fikrlash, tahliliy yondashuv va ijtimoiy faollikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Demak, jadidlar ilgari surgan ma’rifatparvarlik g‘oyasi zamonaviy intellektual o‘yinlarlar orqali uzviy ravishda davom etmoqda.

Asrorbek JO‘RAYEV,

Toshkent davlat texnika universiteti talabasi