Jahon banki bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

    Investitsiyalar 30 Sentabr 2022 1601

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev 29-sentyabrda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Anna Berde bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Tomonlar 30 yillik munosabatlar davomida investitsiyaviy hamkorlik doirasida erishilgan natijalarni yuqori baholadilar. Bu davrda qishloq xoʻjaligini isloh qilish, sogʻliqni saqlash va taʼlimni modernizatsiya qilish, suv taʼminoti, moliya va transport sohalarini yaxshilash hamda yoʻllar qurishga qaratilgan 3,6 milliard dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirildi. Bundan tashqari, infratuzilma, energetika, qishloq xoʻjaligi, uy-joy kommunal xoʻjaligini modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimini takomillashtirishga qaratilgan jami 5 milliard dollarlik 30 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilyapti. Shahar infratuzilmasini yaxshilash va byudjetni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqishni jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda bank mutaxassislarining maslahat va texnik yordamini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. 2040-yilgacha Oʻzbekiston hududlariga Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish strategiyasini tayyorlashda, Sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda, savdo toʻsiqlarini kamaytirishga qaratilgan texnik yordam koʻrsatishda, bojxona tartib-qoidalarini raqamlashtirishda va texnik reglamentlarni muvofiqlashtirishda, Eksportni rivojlantirish strategiyasini va Oʻzbekistonning barcha hududlarida sanoatning muvozanatli rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan bozor tamoyillariga asoslangan Sanoat strategiyasini ishlab chiqishda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Tomonlar, shuningdek, Saudiya Arabistoni hukumati va Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan Oʻzbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamgʻarmasining nomoliyaviy faoliyatini JB ekspertlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini muhokama qildilar. Jahon banki rahbariyati jamgʻarma faoliyatiga zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.