Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 10 Mart 2022 854

    Joriy yil 10-martda Senatda Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E.Gadoyev va Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari M.Parpiyev Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ijtimoiy barqarorlik va integratsiya amaliyoti rahbari Varalakshmi Vemuru boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

    Unda Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, mamlakatimizda ushbu bank bilan hamkorlikda ustuvor tarmoqlarda amalga oshirilayotgan va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

    Oʻzbekistonning Jahon banki bilan konstruktiv hamkorligi mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar natijasida yangicha tus olgani alohida taʼkidlandi.

    Uchrashuvda V.Vemuru Oʻzbekistonda xotin-qizlar tengligi doirasida Prezident hamda Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimizda gender tengligini taʼminlash, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan mazkur islohotlar mamlakatning xalqaro maydondagi imijiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, shuningdek, xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekistonning oʻrnini yuksaltirishga xizmat qilishini eʼtirof etdi.

    Olib borilayotgan islohotlar mamlakatda keng qamrovda tatbiq etilib, xotin-qizlar farovonligiga, ularning turmush tarzini rivojlantirishiga va albatta, ularning oʻz jamiyatda oʻrin topishlari uchun asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

    Shuningdek, Jahon banki eksperti Odri Saks tomonidan majburiy mehnatga barham berish boʻyicha mamlakatda olib borilgan ishlar yuqori baholandi.

    Uchrashuv doirasida parlamentarizm, yoshlar va xotin-qizlar, eng avvalo, qishloq joylarida yashayotgan xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek inson kapitalini yuksaltirish boʻyicha loyihalar muhokama qilindi. Xususan, Jahon banki ishtirokida qishloq joylarida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 2,7 million dollarga teng loyihaning amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Muloqot yakunida gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar va yoshlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash boʻyicha islohotlarni amalga oshirishda Jahon banki guruhi bilan hamkorlikdagi ishlar davom ettirilishi qayd etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.