Jahon banki Oʻzbekiston jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga sarmoya kiritadi

    Toshkentda Energetika vazirligi va Jahon banki tomonidan “Oʻzbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.

    Loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar:

    - Binolarni isitish va sovitish tizimlari modernizatsiya qilinadi;
    - Fasad izolyatsiyasi, eshik va derazalar almashtiriladi;
    - Yoritish tizimlari yangilanadi;
    - Binolarning tom qismlari izolyatsiyalanadi;
    - Koʻmir va gaz kabi samarasiz qozonxonalar zamonaviy gaz qozonlari yoki issiqlik nasoslariga almashtiriladi;
    - Quyosh batareyalari va qozonxonalari oʻrnatiladi.

    Kutilayotgan natija:

    - Jami 543 507 tonna - CO2 (is gazlari) kamayadi, 2 mlrd 530 mln kVt⋅soat elektr energiyasi tejaladi.

    Bugugn, 23-aprel kuni Toshkentda Energetika vazirligi va Jahon banki tomonidan “Oʻzbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasining taqdimoti oʻtkazildi. Jahon bankining moliyaviy koʻmagida Energetika vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga va binolar sektorida toza energiyaga xususiy sarmoyani jalb qilishni rivojlantirishga yordam beradi. Tadbir davomida davlat organlari, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillariga loyihaning maqsadlari, vazifalari va faoliyati haqida maʼlumotlar berildi.

    Oʻzbekistonda yakuniy energiya isteʼmolining 50 foizi binolar sektoriga toʻgʻri keladi, undan keyin sanoat (22 foiz) va transport (20 foiz) sohalari turadi. Jumladan, jamoat binolari sohasida tuman shifoxonalarida energiya sarfining qariyb 70 foizi, maktabgacha taʼlim muassasalarida 84 foizi, qishloq vrachlik punktlarida 88 foizi, maktablarda esa 97 foizi isitish uchun sarflanadi.

    Mamlakatdagi aksariyat jamoat binolari 1970-1980-yillarda energiya samaradorligi standartlarini hisobga olmagan holda qurilgan. Ulardagi issiqlik izolyatsiyasi yomon holatda boʻlib, harorat boʻyicha qulaylik standartlariga javob bermaydi. Ushbu binolarda eskirgan qozonlar va haddan tashqari koʻp energiya isteʼmol qiladigan gidronik isitish tizimlari qoʻllaniladi.

    Jahon banki tomonidan 2021-yilda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar va sogʻliqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali bir yilda 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiq energiyani tejash mumkin. Shundan 6810 GVt/soatga yaqini issiqlik, 240 GVt/soatdan ortigʻi esa elektr energiyasi koʻrinishida iqtisod qilinishi mumkin.

    2022-yil iyun oyida Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi “Oʻzbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirish uchun mamlakatga 143 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi. Loyiha doirasida butun mamlakat boʻylab jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda. Bu ularning oʻzgaruvchan iqlimga tayyorligini oshiradi, energiya sarfini kamaytirishga yordam beradi va atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartiradi.

    Loyiha faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-106-sonli qarori qabul qilinganidan keyin boshlangan. Loyiha Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi (Jamgʻarma) tomonidan amalga oshirilmoqda. Jamgʻarma 2020-yilda iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joy qurilishiga investitsiyalarni jalb qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.

    Loyiha doirasida Jamgʻarma mamlakat boʻylab qishloq va shaharlarda faoliyat yurituvchi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklariga qarashli muassasalarda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtiradi. Loyihani amalga oshirish davomida 2023–2028-yillar mamlakat boʻylab 800 dan ortiq ijtimoiy soha obektlari, jumladan, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, shifoxonalar va poliklinikalar energiya samaradorligini oshirish maqsadida modernizatsiya qilinadi va taʼmirlanadi.

    Jamgʻarma ushbu binolarning energiya samaradorligini baholash, chora-tadbirlar ishlab chiqish, tegishli muassasalarda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha zarur ishlarni xarid qilish va moliyalashtirish, shuningdek ular tejaydigan energiyani oʻlchash va tekshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.

    Yuqorida qayd etilgan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ularning issiqlik izolyatsiyasini va isitish, ventilyatsiya, havoni tozalash va yoritish tizimlarining ishlashini takomillashtirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, tegishli muassasalarda koʻmir qozonlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan quvvat oladigan isitish va suv isitish tizimlariga almashtiriladi. Xususan, issiqlik nasoslari va quyosh kollektorlari bilan birlashtirilgan quyosh panellari oʻrnatish orqali.

    Loyiha bilan qamrab olingan jamoat binolari yetarlicha isitilmasligi yoki aksincha qizib ketmasligi uchun milliy harorat qulayligi standartlari boʻyicha modernizatsiya qilinadi. Loyiha faoliyati energiya sarfini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash, tegishli muassasalarni, ayniqsa qish oylarida, energiya bilan taʼminlash ishonchliligini oshirish, shuningdek, maktabgacha va maktab muassasalarida oʻquvchilar, sogʻliqni saqlash muassasalari bemorlari va xodimlari uchun issiqlik harorati qulayligini oshirish orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirishga zamin yaratadi.

    Loyiha Jamgʻarmaning iqtisodiyotning turli tarmoqlarida toza energiyani joriy etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilaydi. U “Ijtimoiy, tijorat va maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish” Milliy dasturini ishga tushirish va toza energiyaga investitsiya kiritish bozorini tartibga soluvchi qonunchilikni ishlab chiqishda yordam beradi. Bundan tashqari, loyiha doirasida aholi oʻrtasida energiya samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan fuqarolarning xabardorligini oshirish boʻyicha tushuntirish ishlari olib boriladi.

    Loyiha taqdimotida Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Jahon banki guruhi tomonidan Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda Xalqaro moliya korporatsiyasining Oʻzbekiston va Turkmanistondagi mintaqaviy rahbari Nil Makkeyn ishtirok etishdi.

    Tadbir ishtirokchilariga loyihaning mamlakatda energiya samaradorligini oshirish uchun qulay muhit yaratishdagi oʻrni, rejalashtirilgan loyiha tadbirlari, kutilayotgan natijalar va loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy afzalliklari haqida maʼlumot berildi. Tadbirda loyihaning asosiy maqsadi davlatga jamoat binolari, turarjoy va tijorat sektorlarida energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini roʻyobga oshirishda koʻmaklashishdan iborat ekanligi taʼkidlandi.

    Jahon banki va xorijiy ekspertlar tomonidan ilgari turli mamlakatlar, jumladan, Meksika, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya va Turkiyada hayotga tatbiq etilgan jamoat binolarining energiya samaradorligini kuchaytirish boʻyicha loyihalar tajribasi taqdim etildi.

    Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan turli xil tovar va xizmatlar, jumladan, energiya tejamkor uskunalar yetkazib berish, audit va loyihalash xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, qurilish ishlarini olib borishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy va xorijiy firma hamda kompaniyalar vakillariga loyiha doirasida oʻtkaziladigan tenderlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.