Jahon banki Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish uchun 500 mln dollar mablagʻ ajratadi

    Mamlakatimizda 11 Avgust 2020 1034

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

    Qarorda Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning ustuvor yoʻnalishlari, mablagʻdan foydalanish sxemasi va tartibi belgilab berildi.

    6 yilga (2020–2026-yillar) moʻljallangan ushbu loyihaga Jahon banki tomonidan 30 yil muddatga quyidagi shartlar asosida mablagʻlar ajratilmoqda:

    10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln AQSH dollari miqdorida qarz;
    10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit;
    5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 mln AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit.

    Loyihaning umumiy qiymati 659,3 mln AQSH dollariga teng, ulardan Oʻzbekiston ulushi – 159,3 mln AQSH dollarini, shu jumladan:

    - soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklidagi ulush – 124,3 mln AQSH dollarini;
    - loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi esa 35 mln AQSH dollari ekvivalentini tashkil etadi.