Jahon banki: Oʻzbekistonning YAIM oʻsishi 2021-yilda 4,8 foizgacha tiklanadi

    Moliya 2 Aprel 2021 974

    Jahon banki “Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha iqtisodiy sharh”ning navbatdagi nashrini eʼlon qildi.

    Joriy yil Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning 3,6 foizga oʻsishi kutilmoqda, chunki eksportning tiklanishi va sanoat tovarlariga narxlarning barqarorlashuvi 2020-yil oxirida boshlangan pandemiyaning navbatdagi toʻlqini va yaqinda yangi koronavirus holatlari koʻpayganligining taʼsirini yumshatadi, deyiladi xabarda.

    Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsish 2021-yilda 3,7 foizga va 2022-yilda 4,1 foizgacha tiklanishi kutilmoqda. Bu tarixiy oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha past. Shu bilan birga, 2022-yilga kelib aholi jon boshiga daromad hajmi pandemiyadan oldin eʼlon qilingan prognozlardan 6,4 foizga past boʻlishi kutilmoqda.

    Oʻzbekistonda pandemiyaning ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga qaramasdan, 2020-yilda amalga oshirilishda davom etgan islohotlar dasturi tufayli iqtisodiy oʻsish mustahkamlanib boradi.

    Jahon banki tahlillariga koʻra, mamlakatda YAIMning oʻsishi 2021-yilda 4,8 foizgacha tiklanishiga erishiladi. Biroq oʻsish koʻrsatkichlariga jahon iqtisodiyotining tiklanish surʼati va aholini SOVID-19ga qarshi milliy emlash kampaniyasining natijalari oʻz taʼsirini oʻtkazishi mumkin, deb xabar beradi “Dunyo” AA.