Uchrashuvda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazir oʻrinbosari R.Xakimov tomonidan bugungi kunga qadar oliy taʼlim sohasidagi dastlabki islohotlar, avvalo, taʼlim sifatini yaxshilash, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish, institut va universitetlarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilganligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, soʻnggi 5 yilda oliy taʼlim muassasalari soni 65 tadan 152 taga yetganligi, qabul oʻrinlari 2,5 baravarga ortishi natijasida oliy taʼlim muassasalarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va qoʻshimcha laboratoriya toʻplamlariga, shu bilan birga, yangi ochilgan taʼlim yoʻnalishlari (agrobiotexnologiya, sunʼiy intellekt va robototexnika kabilar) hisobiga zamonaviy laboratoriya toʻplamlariga boʻlgan ehtiyoj oshayotganligi taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida Fadiya Saada xonim bugungi kunda inson taraqqiyoti masalasi juda katta ahamiyatga ega ekanligi, bunda taʼlim sohasi asosiy rol egallashini aytib oʻtdi. Shu bilan birga, mehmon oliy taʼlimda son koʻrsatkichlarini oshirish bilan bir qatorda sohada sifatni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarni alohida eʼtirof etdi hamda ushbu yoʻnalishdagi amaliy harakatlarning davomiy boʻlishiga umid bildirdi.
Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va oʻquv hamda ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bilan taʼminlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining qoʻshimcha mablagʻlarini jalb etish rejalashtirilganligi aytib oʻtildi.
Jahon bankining keyingi besh yillik hamkorlik dasturini tayyorlashda mazkur holatlarni inobatga olish va yangi loyihalar amalga oshirilishi yoki hozir davom etayotgan loyihaga qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi orqali oliy taʼlim tizimini rivojlantirish yoʻlida hamkorlikni kengaytirish tomonlar uchun manfaatli boʻlishi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Jahon banki koʻmagida OOʻMTV amalga oshirayotgan “OTMning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida qisqacha informatsion rolik taqdim etildi, deb xabar beradi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati.