Hamyurtimiz saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli oʻtkazdi. Fransiya va Vengriya terma jamoasi aʼzolarini magʻlub etgan Aminova yarim final ostonasida turkmanistonlik Maysa Pardayevaga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qoʻydi.
Ushbu natija Aminovani bronza medali uchun kurashishga, Pardayevaning oltin medal yoʻlidagi harakatini davom ettirishga olib keldi.
Shukurjon Aminova bronza medaliga daʼvogarlik bellashuvida finlyandiyalik Pixa Salonenni qoʻshimcha daqiqalarda magʻlubiyatga uchratib, fransiyalik Sara-Leoni Sizikka qarshi bahs olib borish huquqiga ega chiqdi.
“Tokio-2020” va “Parij-2024” Olimpiadasi gʻolib va sovrindori, jahon va Yevropa chempionatlarida bir necha bor shohsupaga koʻtarilgan 26 yoshli Sara-Leoniga 22 yoshli Shukurjon Aminova teng kurashlar ostidagi bellashuvning qoʻshimcha daqiqalarida yutqazib qoʻyib, 5-oʻrin bilan kifoyalandi.
Ushbu natija orqali Xalqaro dzyudo federatsiyasi reytingi uchun 720 ochko jamgʻargan Shukurjon Aminova oʻz vaznida jahonning eng kuchli 10 nafar dzyudochilaridan biriga aylandi.
Bugun, 16-iyul kuni jahon chempionatining toʻrtinchi kunida ayollar oʻrtasida -63, erkaklar oʻrtasida esa -81 kilogramm vazn toifasida bellashuvlar oʻtkazilib, yosh dzyudochilarimiz Marjona Nurulloyeva va Arslonbek Tojiyev Vengriya tatamilarida mahoratini namoyish etadi.
Toʻrtinchi kungi musobaqalar ostonasida Yaponiya 3 ta oltin medal bilan peshqadamlik qilayotgan boʻlsa, Fransiya, Italiya va Gruziya terma jamoalari hisobida 1 tadan oltin medal mavjud.
Jahon chempionatining yakkalik musobaqalari 19-iyun kuni yakunlansa, 16 ta milliy terma jamoa ishtirokidagi jamoaviy bahslar 20-iyun kuni tashkil etiladi.