Kecha jahon chempionatining soʻnggi kunida mahoratli ogʻir atletikachimiz Omadillo Olimov +102 kilogramm vaznda kechgan bahslarda ishtirok etdi. Lima supachasidagi murosasiz musobaqalar sarhisobiga koʻra, Omadillo Olimov dast koʻtarishda 150 kilo, siltab koʻtarishda 195 kilogramm hamda ikkikurashda 345 kilogramm toshni boʻysindirgan holda 3 ta kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Aytish lozim, jahon chempionati davomida Bekzod Gʻofurjonov 1 ta kumush va 2 ta bronzaga, Marjona Abdumutalova 1 ta kumush, 2 ta bronza, Ruslan Rahmatjonov 2 ta oltin, 1 ta kumush medalga sazovor boʻlishi, Dilnoza Fayzullayeva jahon ogʻir atletikachi qizlari orasida kuchli oʻnlikdan oʻrin olishi mamlakatimizda mahoratli yosh sportchilarni tayyorlash, saralash, yoʻnaltirish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlarning samarasi boʻldi, deyish mumkin.