Kecha tunda Qatarda davom etayotgan futbol boʻyicha jahon chempionatining 1/8 final bahslari soʻnggi uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Mundialning nimchorak finali doirasidagi Marokash - Ispaniya uchrashuvida kutilmagan natija qayd etildi.

Unda ispanlar qoʻshimcha boʻlimlar va hatto penaltilar seriyasida ham marokashliklar postiga yoʻl topa olmadi va mundialni tark etdi.

Qayd etish kerak, ispaniyaliklar katta turnirlarda ketma-ket beshinchi marta qoʻshimcha boʻlimlarda oʻynadi – JCH 2018da penaltilar seriyasida Rossiyadan magʻlub boʻlgan Ispaniya Yevro-2020da ketma-ket Xorvatiya, Shveysariya va Italiya bilan qoʻshimcha taymlarda oʻynadi va italyanlar toʻsigʻidan oʻta olmadi. JCH-2022da esa Marokash termasi Ispaniyadan seriyada ustun keldi.

Shuningdek, 2010-yilgi jahon chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Ispaniya termasi ketma-ket uchinchi marta 1/8 finaldan oʻta olmayapti.

Undan tashqari, Ispaniya jahon chempionatlari tarixida penaltilar seriyasida magʻlub boʻlish boʻyicha “yetakchi” boʻlib oldi. Terma 5 seriyaning 4 tasida magʻlub boʻldi. Bungacha ular Angliya va Italiya bilan teng natija koʻrsatayotgandi.

Nufuzli chempionat favoritlaridan yana biri Portugaliya esa Shveysariya yirik – 6:1 hisobida dogʻda qoldirib, keyingi bosqichga chiqdi. Shu tariqa keyingi bosqichda ishtirok etadigan barcha terma jamoalar nomi va ularning raqiblari maʼlum boʻldi. Jumladan:

9-dekabr, juma

20:00, Xorvatiya – Braziliya

23:59, Niderlandiya – Argentina

10-dekabr, shanba

20:00, Marokash – Portugaliya

23:59, Angliya – Fransiya