Energetika vazirligi mutasaddiligidagi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari Feruz Qurbonov Oʻzbekiston energetika sohasidagi islohotlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqa yoʻnalishlardagi yutuqlari haqida taqdimot qildi.
Oʻtgan 4 yil mobaynida 3 300 MVt dan ortiq quvvatlar oshirildi, shu jumladan 3 150 MVt IES va 150 MVt gidroelektr stansiyalari hisobiga Oʻzbekiston energetika sanoatining ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha ishlari qayd etildi. Natijada, ishlab chiqarish hajmlarining oʻsish koʻrsatkichlari 2015-yilga nisbatan 30 foizni tashkil etdi.
2023-2026-yillar davomida mamlakatimizda qariyb 4 GVt quyosh va shamol elektr stansiyalari, shuningdek 880 MVt gidroelektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Unda, shuningdek, elektr energiyasi boʻyicha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mintaqaviy savdo masalasi, eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, qulay sharoitda importni koʻpaytirish maqsadida Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan ishlar koʻrib chiqildi. Xususan, Afgʻoniston bilan qoʻshma loyiha – uzunligi 245,6 kilometr boʻlgan 500 kV “Surxon -Puli -Xumri” elektr uzatish tarmogʻi, Tojikiston energetika tizimi bilan bogʻlanish uchun uzunligi 64 kilometr boʻlgan 500 kV kuchlanishli “Gʻuzor-Regar” elektr uzatish tarmogʻini tiklash ishlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, 2021-yilgi Jahon energetika haftaligi tashkilotchisi Jahon energetika kengashi (WEC) bilan birgalikda Xalqaro energetika xartiyasi va boshqa hamkorlar koʻmagida “KAZENERGY” assotsiatsiyasi boʻldi. Anʼanaviy tadbirning asosiy maqsadi – barqaror rivojlanish va insoniyat manfaati uchun energiyadan foydalanishga koʻmaklashish hisoblanadi.
Hafta davomida 100 dan ortiq mamlakatlardan tashkilotlar rahbarlari va energetika sohasidagi xalqaro ekspertlar tomonidan muhokamalar va taqdimotlar oʻtkazildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.