Sablya qurolida oʼtgan qizlar musobaqasida sportchilarimiz tengsiz boʼlishdi.

Dastlab Misr jamoasini 45:21 hisobida magʼlubiyatga uchratgan qizlarimiz yarim finalda bolgariyalik raqibalaridan 45:36 hisobida ustun kelishdi. Finalda kutilganidek Oʼzbekiston va Rossiya yoshlari roʼbaro kelishdi. Keskin va murosasiz oʼtgan bellashuvda qizlarimiz 45:36 hisobida gʼalaba qozonib, oltin medallarni qoʼlga kiritishdi.

Eslatib oʼtamiz, kechagi yakkalik bahslarida Zaynab Dayibekova barcha raqiblarini magʼlub etib, shohsupaning eng yuqori pogʼonasiga koʼtarilgan edi. Bugun jamoaviy dasturda Zaynab Dayibekova, Gulistan Perdibaeva, Samira Shokirova hamda Venera Isroilova yurtimiz sharafini himoya qilishdi.

"Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasi bunday ajoyib natija bilan Oʼzbekiston qilichbozlik federatsiyasi va sportchilarimizni muborakbod etib qoladi" deyiladi Milliy Olimpiya qoʼmitasi Matbuot xizmati xabarida.