Shu yilning 30-iyulidan 24-avgustiga qadar Boku shahrida shaxmat boʻyicha Jahon kubogi oʻtkaziladi.
Ushbu musobaqaning sovrin jamgʻarmasi 2,5 million yevroni tashkil qiladi. Ayni damga qadar ochiq toifadagi turnirda erkaklardan 206 dan 146 nafar, ayollarda esa 103 dan 71 nafar shaxmatchining qatnashishi aniq boʻlib ulgurgan.
Jahon kubogida amerikalik Fabiano Karuana, fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav, hindistonlik Gukesh Dommaraju, oʻzbekistonlik Nodirbek Abdusattorov, ozarbayjonlik Teymur Rajabov va Shaxriyar Mamedyarov kabi shaxmatchilar ham dona suradi.
Ushbu jahon kubogining eng yaxshi 3 nafar shaxmatchisi jahon toji uchun daʼvogarlar turnirida qatnashadi va oʻzaro yakuniy gʻolibni aniqlashadi.