Jahon savdo tashkiloti (JST) kirishi masalasi navbatdagi bosqichda koʻrib chiqildi

    Biznes 15 Dekabr 2022 2392

    Joriy yil 14-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriidin Abidov raisligida Oʻzbekistonning JSTga kirishi boʻyicha Muzokaralar olib borish guruhining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir davomida JST bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiya rahbari topshiriqlari ijrosining bugungi holati, Tashkilotga aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni jadallashtirish chora-tadbirlari, shuningdek, tematik ishchi guruhlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

    Ayni bosqichda vazirlik va idoralar JSTga aʼzo davlatlarning tovar va xizmatlar bozoriga chiqish boʻyicha yangilangan takliflari asosida qoʻshimcha muzokaralar pozitsiyalarini ishlab chiqish jarayonini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, JSTga aʼzo davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarning navbatdagi raundlarini, shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan Tashkilot Kotibiyati bilan maslahatlashuvlarni oʻtkazish doirasida aniq vazifalar belgilandi.

    Shu bilan birga, yigʻilishda JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga, jumladan, tizimli hujjatlar va muzokaralar pozitsiyalarini tayyorlash, shuningdek ularni amalga oshirishga jalb etilgan tematik ishchi guruhlardagi har bir mutaxassis faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

    Yigʻilish yakuniga koʻra, tematik ishchi guruhlarga kun tartibidagi tegishli yoʻnalishlar boʻyicha har hafta amaliy seminarlar oʻtkazish hamda respublikaning JSTga kirishi jarayonida keyingi muzokaralarni sifatli tashkil etishga doir takliflar ishlab chiqish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.