Unda yirik xorijiy tashkilot va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishi nazarda tutilgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori oʻrinbosari Syanchen Chjan mazkur tadbirda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurdi.
Bugun, 23-martda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Jahon savdo tashkiloti bosh direktori oʻrinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida S.Safoyev soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan oʻzgarishlar, xususan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy jarayonlarni yanada faollashtirish, xorijiy investorlarni keng jalb etish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, erishilgan natijalarga alohida urgʻu berdi.
Shu bilan birga, JIDUning xalqaro hamkorlik borasidagi ishlariga, universitetda yaratilayotgan imkoniyatlar hamda taʼlim muassasasining “WTO Chairs Program” dasturidagi ishtirok etishiga ham urgʻu berildi.
Bu borada S.Chjan Oʻzbekiston Respublikasiga qilgan tashrifi davomida tashkil etilgan mazkur uchrashuvidan juda ham mamnun ekanligini aytib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan bildirilgan takliflar JST tomonidan maʼqul koʻrilgani, shu munosabat bilan universitet joriy yilda tanlangan 17 ta kafedralardan biri maqomini qoʻlga kiritgani bilan tabrikladi. Shuningdek, mazkur grant doirasida JST va universitet oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan soʻng S.Chjan universitetda tashkil etilgan yuridik klinika faoliyati bilan yaqindan tanishib, professor-oʻqituvchilar va talabalar bilan suhbatlashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.