Qolaversa, Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi oʻrnida Guliston tibbiyot klasterini tashkil etish va uni ishga tushirish borasidagi ishlar ham boshlab yuborilgan. Ushbu ishlarning borishi bilan tanishish maqsadida Sirdaryoga Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari hamda davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi vakillari tashrif buyurdi.

Dastlab, ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida boʻlib markaz imkoniyatlari bilan tanishdi.

Bolalar jarrohlik va jarohatlar boʻlimi, Kattalar anesteziologiya-reanimatologiya boʻlimi, kardioterapevtik reanimatsiya boʻlimi, toksikologiya va ekstrakorpolrol tozalash boʻlimlarida boʻlib, u yerda bemorlarni davolanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Va soha mutaxassislariga oʻzlarining muhim tavsiyalarini berdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari hamda Davlat tibbiy sugʻurta tizimi vakillari viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida boʻldi va markazning gematologiya va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi boʻlimini koʻzdan kechirdi.

Gematologiya boʻlimida davolanayotgan onkogematologik kasalliklar, yaʼni surunkali miyeloleykoz, surunkali limfoleykoz, oʻtkir leykoz, kasalliklari, davolanishi qiyin boʻlgan kasalliklardan, aplastik kamqonlik, immun trambotsitopenik purpura, trombotsitopeniya, subleykemik miyeloz kabi kasalliklar, nasliy kasalliklardan gemofiliya A, gemofiliya B, nasliy gemolitik kamqonlik kasalliklari bilan kasallangan bemorlar hamda sunʼiy buyrak yetishmovchiligi boʻlimida davolanayotgan bemorlarni koʻzdan kechirda va ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan soʻng, ular mazkur markazning gematologiya, gastroenterologiya, pulmonologiya, nevrologiya, revmatologiya boʻlimlari uchun yangitdan qurilayotgan 100 oʻrinli binoning qurilish ishlari hamda markaz oʻrnida yangitdan ish faoliyatini boshlashi kutilayotgan Guliston tibbiyot klasterining loyihasi bilan tanishdi.

Mazkur 163 oʻrinli ikki binoni qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga Investitsiya dasturi doirasida 18,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, qurilish va taʼmirlash ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan jadallik bilan olib borilayotganligi, yaqin oylarda foydalanishga topshirilishi, u yerda bemorlarni davolash uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida soha vakillari Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakillariga maʼlumot berdi,

Bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmat turlarini koʻrsatish, xizmat sifatni oshirish maqsadida Gulistonda “Guliston” tibbiyot klasterini tashkil etish, uni ishga tushirish ishlari yakuniga yetib qoldi.

Ushbu ish ham nihoyasiga yetkazilgach, viloyatdagi 6 ta tibbiyot muassasa, yaʼni viloyat koʻz kasalliklari shifoxonasi, viloyat endokrinologiya dispanseri, urush va mehnat faxriylari shifoxonasi, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filiali hamda viloyat diagnostika markazi “Guliston” tibbiyot klasteri tarkibiga oʻtkaziladi va ular bir joyda, yagona boshqaruv asosida faoliyatini boshlaydi.

Shu maqsadda joriy yil 25-26-oktyabr kunlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaz Sirdaryo viloyat filialida Gulistonda “Guliston” tibbiyot klasterini ishga tushirish, uni biznes rejasini yakuniga yetkazish, biznes rejani amalga oshirish boʻyicha resurslarni safarbar etish yoʻllariga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.

Oʻtkazilgan seminarda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining konsultantlari Aleksandr Lourenso, Mafaten Shaouali, Mark Xellouell, Kristofer Xitspatrik, Yelena Soy, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijrochi direktori birinchi oʻrinbosari Zohid Ermatov, boʻlim boshligʻi Dilnoza Najmutdinova, Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldashev, boshqarmaning masʼul xodimlari hamda “Guliston” tibbiy klasteri tarkibiga kiruvchi tibbiyot muassasalari bosh vrachlari va bosh hisobchilari qatnashdi.

Ular ikki kun mobaynida Gulistonda “Guliston” tibbiyot klasterini ishga tushirish va tibbiy klaster biznes rejasini yakuniga yetkazish boʻyicha fikr almashdi, hamda davlat xususiy sherikchilik asosida xususiy tadbirkorga berilishi rejalashtirilgan Guliston shahridagi 1-oilaviy poliklinikaning biznes rejasini muhokama etdi.

Seminarda ishtirok etgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti konsultantlari tomonidan “Guliston” tibbiyot klasterini ishga tushirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish borasida zaruriy tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.