Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining maʼlum qilishicha, mutaxassislar tomonidan Hindistonda Nipah virusi tarqalishi bilan bogʻliq vaziyatni doimiy ravishda kuzatilmoqda. Profilaktika maqsadida mamlakatimiz chegaralaridagi barcha oʻtkazish punktlarida sanitariya-karantin nazorati kuchaytirildi.

Ayniqsa, kasallik holatlari qayd etilgan Hindiston va boshqa Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan kelayotgan fuqarolarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizdagi tibbiyot muassasalari, shoshilinch tibbiy yordam brigadalari hamda yuqumli kasalliklar shifoxonalari chetdan kirib kelishi mumkin boʻlgan har qanday infeksiyaga qarshi shay holatga keltirilgan. Dori-darmonlar, shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiya vositalarining shoshilinch zaxirasi yaratilgan.

Masʼullar aholini ehtiyotkorlikka chaqirib, xavf yuqori boʻlgan mamlakatlarga sayohatni rejalashtirayotgan fuqarolarga quyidagi profilaktik choralarga amal qilishni tavsiya etmoqda:

  • shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish;
  • meva-sabzavotlarni isteʼmol qilishdan oldin yaxshilab yuvish;
  • tayyorlanishi nomaʼlum, ochiq holda sotilayotgan ichimliklarni xarid qilmaslik;
  • yangi siqilgan xurmo sharbatini qaynatib isteʼmol qilish;
  • koʻrshapalaklar tirnagan yoki tishlagan boʻlishi mumkin boʻlgan mevalarni isteʼmol qilmaslik.

Qoʻmita alohida taʼkidlaydiki, hozirgi vaqtga qadar Nipah virusi Oʻzbekistonda qayd etilmagan. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror hisoblanadi.