Jahonda yangragan ona tilim

    Fikr 24 Sentabr 2020 6891

    Til millat koʻzgusi. Til oʻzbegimning libosi. Butun dunyo ona tilimni jozibasini, latofatini, ohangini eshitdi. Mustaqillikka erishganimizdan beri xalqaro tashkilotlarda birinchi marta ona tilimiz boʻy koʻrsatdi.

    Erk, ozodlik mustaqillik islohotlari, davlatchilik siyosati, har bir mamlakatning xalqaro maydondagi oʻz taraqqiyot yoʻli, rivojlanish prinsiplarini namoyon etish oʻz milliy madaniyatiga jonkuyarligi, oʻz tiliga koʻrsatgan yuksak ehtiromi orqali namoyon boʻlishi yuksak ahamiyat kasb etadi. Oʻzbek milliy maʼrifat fidoiysi Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”, degan soʻzlari bugungi kunda naqadar haqiqat ekanligini yana bir bor namoyon etmoqda.

    Tilga eʼtiborli boʻlish, tilni hurmat qilish bu xalqini hurmat qilish, xalqqa boʻlgan muhabbatini bildiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqini alohida tarixiy ahamiyat kasb etadi. Eng buyuk qudrat ona tildadir. Yana bir bor yurtboshimiz oʻz xalqiga boʻlgan mehr-muhabbatini namoyon etdi. Bu muhabbat ona tilga, Vatanga boʻlgan muhabbatdir.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida dunyodagi va mintaqadagi muammolar xususida Oʻzbekiston siyosiy yondashuvni aniq va teran yoritib berdi. Prezidentimiz oʻz maʼruzasida, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini taqdim etdi hamda Oʻzbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Muhokamalarning asosiy mavzusini hisobga olib, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish va mamlakatlarning ushbu muammolardan oʻtish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Yurt boshimiz tomonidan mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

    Oʻzbekiston Respublikasining muhtaram Prezidentimiz boshchiligida oxirgi yillarda olib borayotgan siyosati va islohotlari nafaqat mamlakat ichidagi oqilona oʻzgarishlarga, balki Oʻzbekistonning mintaqadagi va dunyodagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qilmoqda.

    Oʻzbek tilida soʻzlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik Oʻzbekiston ahlini, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, chin maʼnoda gʻururlantirdi.

    Doʻstmurod XUDOYQULOV,

    Bojxona instituti Maʼnaviyat va yoshlar

    tarbiyasi markazi inspektori