Jahongir Ortiqxoʻjayev Chelyabinsk va Astraxan viloyatlarining delegatsiyasi bilan uchrashuv

    Xalqaro hamkorlik 4 Avgust 2022 953

    Joriy yil 3-avgust Toshkent shahar hokimligida Jahongir Ortiqxoʻjayev Rossiya Federatsiyasi Chelyabinsk va Astraxan viloyatlarining delegatsiyasi bilan uchrashdi. Delegatsiyaga Chelyabinsk viloyatining gubernatori Aleksey Teksler boshchilik qildi.

    Mehmonlarni qarshi olgan poytaxt hokimi hududlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini UJKX, taʼlim, shaharsozlik, turizm, sanʼat va madaniyat sohalarida oʻzaro manfaatli va tizimli aloqalarni oʻrnatish hamda qoʻshma musiqa, kino va teatr festivallarini oʻtkazish yoʻli bilan rivojlantirish hamda mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

    A.Teksler qabul uchun minnatdorlik bildirib, J.Ortiqxoʻjayevni hamkorlik yoʻnalishlarini belgilashda toʻliq qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi. Gubernator Chelyabinsk viloyati osmonoʻpar binolar uchun unikal katta hajmli, aʼlo izolyatsiya xususiyatiga ega fasad oynalarini, shuningdek, qurilish kranlari va tramvaylar, obodonlashtirish va yongʻin xavfsizligi sohasi uchun osma uskunalar hamda boshqa turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda yetakchi ekanligini maʼlum qildi. Turistik almashinuvning ahamiyati haqida soʻzlar ekan, A.Teksler hududlararo toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovni yoʻlga qoʻyish, turistik taklif va yoʻnalishlarni standartlashtirish, logistikani yaxshilashning ahamiyatini taʼkidladi. Bu mamlakatlarimizda turizmni, shu jumladan, stomatologik va oftalmologik sohalarda tibbiy turizmni yoʻlga qoʻyish va yaxshilashga xizmat qilishini aytib oʻtdi. Shuningdek, A.Teksler sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishda davom etish, hamkorlik shartnomasini tuzish va madaniy almashinuvni yoʻlga qoʻyish takliflarini bildirdi.

    Soʻngra, Astraxan viloyatining sanoat va tabiiy resurslar vaziri Ilya Volыnskiy Kaspiy dengiziga yoʻlni ochib turgan viloyat zamonaviy logistik xizmatlarni koʻrsatish imkoniyatiga egaligini maʼlum qildi. I. Volыnskiy Astraxanda savdo uyini ochish taklifini bildirdi – bu bizning korxonalarga butun Rossiya bozorini qamrab olish, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini, xususan, piyoz va kartoshkani yetishtirish va yetkazib berish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini beradi. 1 000 nafardan ortiq oʻzbekistonlik talabalar tahsil olayotgan Astraxan universitetining muvaffaqiyatini taʼkidlab, I. Volыnskiy kasb taʼlimi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni taklif qildi.

    J.Ortiqxoʻjayev mehmonlarning tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, ularning taklif va fikrlariga qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunida taraflar oʻzaro foydali va istiqbolli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.