Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi va Markaziy bankning “Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qoʻshma qarori qabul qilindi.
Ish beruvchi yuridik shaxslar oʻz xodimlarining pensiya hisobvaraqalariga, mazkur yuridik shaxs xodim uchun asosiy ish joyi hisoblanishi yoki u oʻrindoshlik asosida ishlashi yoxud fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha ishlarni bajarishidan qatʼi nazar, majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini kiritishga majburdir.
Badallar pensiya hisobvaraqlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash bilan birgalikda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash uchun belgilangan muddatlarda ajratiladi.
Bu tegishli toʻlov topshiriqnomasi vositasida amalga oshiriladi va unda omonatchining rekvizitlari, oʻtkazish maqsadi, oʻtkazilayotgan jamgʻarib boriladigan pensiya badallarining summasi, “Xalq banki”ning tegishli filialiga yuboriladigan reyestrning raqami va sanasi koʻrsatiladi.
Ish beruvchi har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 15-kuniga qadar badallar oʻtkazilgan har bir toʻlov hujjati summasiga alohida, belgilangan tartibda SHJBPH raqamlari, har bir xodimning familiyasi, hisoblangan ish haqi va jamgʻarib boriladigan pensiya badallari summasi koʻrsatilgan holda xodimlar reyestrlarini elektron hujjat sifatida shakllantirib, tegishli Xalq banki filialiga elektron manbalarda taqdim etishi yoki uni YAIDXP shaxsiy “tadbirkorlik subyekti kabineti” orqali yuborishi lozim.
Xalq banki har kuni Soliq qoʻmitasiga pensiya badallari tushumi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.