Darhaqiqat, oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat oldida turgan asosiy va eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, korrupsiya taʼlim, sogʻliqni saqlash, qurilish sohalarida koʻplab sodir boʻlmoqda degan murojatlar ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab uchramoqda.
Eng achinarlisi, yaqin uch oy ichida hokim yordamchilari tomonidan yer oldi - sotdisi, noqonuniy joylarga inshoatlar qurish masalalarida vaʼda berish kabi korrupsion holatlarga yoʻl qoʻyilganligi, juda koʻplab jamoatchilik tomonidan noroziliklarga sabab boʻlmoqda. Davlat ularga ishonch bildirib masʼul lavozimga qoʻysayu, bir oz oʻtmasdan bunday salbiy illatlarga yoʻl qoʻysa, bu judayam achinarli holat. Eskida, oyni etak bilan bilan yopib boʻlmaydi, qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi degan hayotiy naqllar bejizga aytilmagan. Hokim yordamchilariga mahallalardagi aholini ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmak berish, kambagʻallikni qisqartirish vazifasi qoʻyilsayu, ularning qilayotgan ishiga qarasak, tushunish qiyin! Nafs balosi tiyilmas ekan, bunga qarshi qarshi kurashish nihoyatda mushkul boʻladi.
Mamlakatimiz 2008-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qoʻshildi, bu esa davlatdan katta masʼuliyat va tegishli vazifalarni bajarishni talab etadi. Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, “Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021-yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida Oʻzbekiston 2020-yilga nisbatan 6 pogʻonaga yuqorilab, 180 davlat ichida 140-oʻrinni egalladi. Eng ilgʻor davlat oʻntaligi qatoriga esa, Daniya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Singapur, Shvetsiya, Shveysariya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Germaniya davlatlari kiradi. Toʻgʻri ancha oldinga siljishlar bor, ammo bu koʻrsatkichlardan ham aytib turibdiki, xoli oldimizda bu illatga qarshi kurashish uchun keng jamoatchilik oldida ancha vazifalar turibdi.
Olib borilayotgan islohotlar nimalarda koʻrinmoqda?
Qayd etish lozimki, oxirgi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi alohida qonun, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, alohida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bogʻliq alohida qoʻmita va boshqa ijobiy ishlarni ham sanab oʻtish lozim. Qolaversa, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, “Ishonch telefoni” hamda har bir vazirlik va davlat idoralarining “ishonch telefonlari”, “virtual qabulxonalari” tashkil qilinib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadida barcha darajadagi davlat idora rahbarlarining “sayyor qabullar”ni oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yoʻlga qoʻyildi.
Davlat Rahbari oʻzining koʻplab nutqida ham, korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar amalga oshirishni alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Darhaqiqat, mazkur illat bilan birgina Prezident, tegishli vakolatli idora vakillari shugʻullangan bilan, biz kutgan yuqori natijaga erishish qiyin, buning uchun jamiyat birgalikda kurashishi lozim, shundagina yuksak maqsadlarni moʻljallash mumkin.
Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishni oiladan boshlash darkor. Bu borada ota va onaning oilaviy tarbiyadagi oʻrni va roli benihoya darajada yuqori hisoblandi. Farzandni toʻgʻrilikka, halollikka, toza luqmaga yoshlikdan oʻrgatsa, buning natijadorligi albatta jamiyatda seziladi. Misol tariqasida, Germaniya davlatiga ishchi guruh aʼzosi sifatida tashrif buyurganimizda, baʼzi davlat xizmatchilariga savol bilan murojaat qilganimizda korrupsiya nimaligini tushunmadi, hattoki, bu tushunchani eshitmaganligini ham aytib oʻtdi. Biz yotigʻi bilan tushuntirganimizda keyin ular, biz oʻz ish oʻrnimizdan ayrilishdan qoʻrqamiz va bunday illatga qoʻl ham urmaymiz degan fikrlarni aytishdi. Koʻrganimizdek, masʼuliyat, javobgarlik, oʻz ishiga sodiqlik hamda qonunga itoatkorlik yuqori darajada. Savol tugʻiladi, bizda-chi? Demak, birinchi galda aholining oʻzi bu illat bilan kurashishi, salbiy holat ekanligini chuqur huquqiy anglashi va oqibatlarini ongli ravishda tushunishi kerak.
Misol tariqasida, namuna sifatida aytiladigan Singapur davlati Li Kuan Yu rahbarligida halol markaziy kuch, jazoning muqarrarligi hamda davlat xizmatchilarining mehnatiga yaxni haq toʻlash va ularning halol mehnatini ragʻbatlantirish tamoyillari orqali korrupsiyani yoʻq qilish boʻyicha muvaffaqiyatga erishgan.
Taʼkidlash lozimki, 2022-yildan boshlab, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yangi vakolatlar berildi. Endilikda Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron maʼlumotlar bazalaridan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyat ishinin qoʻzgʻatish yoki boshqa taʼsir chorlarini koʻrish uchun korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi xabarlarni yuborish va natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisida maʼlumotni talab qilib olishi mumkin.
Xulosa oʻrnida:
Kelgusi amaliyotda, mansabdor shaxslarning mol-mulk deklaratsiyalarini oʻz vaqtida topshirilishini nazorat qilish, ularning qonuniyligini tekshirib borish, ularning ochiqligi taʼminlashni belgilab qoʻyish; jinoyat qonunchiligida korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatchilik uchun javobgarlikni kuchaytirish, eng asosiysi, korrupsiyaga qarshi tarbiyani oiladan, maktabgacha taʼlim muassalalaridan boshlash, yaʼni farzandlarimizni bolaligidan korrupsiyaga qarshi murosasiz tarbiyalash, ertamizning faravonligini taʼminlashning muhim garovi boʻlib xizmat qiladi.
Qolaversa, koʻplab oʻrnak oladigan xalqlar singari biz ham, xalq ruhiyatini sogʻlomlashtirish, diniy qadriyatlarni mustahkamlash, huquqiy ongi yuksaltirish, vatanparvarlik mafkurasini ongga singdirish orqali milliy taraqqiyotga erishishimiz lozim boʻladi.
Sh.Zulfiqorov
yuridik fanlar doktori,
professor