Jamoat xavfsizligi universitetida birinchi bosqich kursantlarining vatanga qasamyodi marosimi o‘tkazildi

    Harbiy 3 Oktabr 2021 5777

    O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti birinchi bosqich kursantlarining Vatanga qasamyodi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xizmatiga kirish qasamyodiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

    Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, kuch tuzilmalari taʼlim muassasalarining rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblari, kursantlarning oila aʼzolari hamda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

    Saf maydoniga tantanali marsh sadolari ostida Davlat hamda Milliy gvardiya jangovar bayroqlari tantanali ravishda olib kirildi.

    Marosim avvalida so‘zga chiqqan universitet boshlig‘i, polkovnik M. Rustambayev qasamyod – har bir vatan himoyachisi uchun muqaddas ekanligi, qasamyodga sodiqlik – haqiqiy vatanparvarlarga xos muhim xususiyat sanalishini eʼtirof etdi.

    Shundan so‘ng, kursantlar har bir vatan himoyachisi uchun muqaddas sanalgan, endilikda ular ham o‘z zimmasiga olayotgan masʼuliyatli va sharafli bo‘lgan burchni har qanday vaziyatda ado etishga tantanali qasamyod qabul qildi.

    Qasamyoddan so‘ng, Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev kursantlarni Milliy gvardiya safiga qabul qilinganligi bilan tabrikladi.

    Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 15 apreldagi qaroriga muvofiq, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etilishining mazmun-mohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar va yangicha yondashuv haqida gapirib, muassasa tarixida ilk marotaba qizlarning kursantlar safidan o‘rin olganligi bunga yaqqol misol ekanligini taʼkidladi.

    Marosim so‘nggida “Saf” tayyorgarligi va “Qo‘l jangi” bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

    Marosimda xushovoz xonandalar va “Tantana” bolalar guruhi tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar hamda Kamondan otish bo‘yicha sport ustalari va Universitet otliq kavaleriyasi ishtirokidagi namoyishlar barchaga manzur bo‘ldi