Bugun, 8 dekabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo'jaligi vazirlarining «Raqamli qishloq xo'jaligi: imkoniyatlar va muammolar» mavzusi doirasidagi ikkinchi uchrashuvi videokonferentsiya shaklida o'tkazildi. Yig'ilish FAO tomonidan Qozog'iston Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda BMT agentliklari va xalqaro moliya institutlarining mintaqaviy vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirning maqsadi Markaziy Osiyoda FAOga a'zo davlatlarda «raqamli qishloq xo'jaligi» atamasi, shuningdek, sohani yanada rivojlantirish uchun raqamli qishloq xo'jaligini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun talablarni umumiy tushunishga yordam berishdan iborat. Yig'ilishda qisqa muddatda innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish mumkin bo'lgan potentsial yo'nalishlar ham aniqlandi.

O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xo'jayev o'z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2020 yil O'zbekistonda «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e'lon qilinganini ta'kidlar ekan, bu borada maxsus Davlat dasturi qabul qilinganini ma'lum qildi. Shuningdek, «Raqamli O'zbekiston—2030» keng ko'lamli dasturi ishlab chiqilib, unda keyingi 10 yil davomida mamlakatni tubdan raqamli o'zgartirish ko'zda tutilgani bildirdi.

Vazirning ta'kidlashicha, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi raqamlashtirishning umumiy darajasini ko'tarishga yordam beradigan uyg'unlashgan axborot tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda. Shu bilan birga, Vazirlik qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarning o'z faoliyatida «aqlli» texnologiyalarni joriy etish borasidagi intilish va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda.

“Sohaning rasmiy regulyatori sifatida bizning vazifamiz biznes sub'ektlarini raqamli formatga muqarrar o'tish uchun tayyorlashdir. Eng muhim vazifalar qatorida agrologistik markazlar va qishloq xo'jaligi bilimlarini tarqatish bo'yicha mintaqaviy tarmoq yaratilishini qayd etishimiz lozim. Ular axborot texnologiyalaridan foydalangan holda umumiy majmuaga birlashtiriladi”, — deydi Jamshid Xo'jayev.

Shuningdek, O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi bo'yicha xalqaro raqamli Kengash tuzish kontseptsiyasini ishlab chiqqani uchun butun FAO jamoasiga minnatdorlik bildirdi. Vazirning fikricha, maksimal ta'sir ko'rsatish uchun mazkur Kengash o'z ishini rivojlanayotgan mamlakatlar va kichik aylanma mablag'larga ega fermerlarga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratishi lozim.

COVID-19 inqirozi shuni ko'rsatdiki, hukumatlar va xususiy sektor mavjud texnologiyalarni tez sur'atlarda kengaytirish va inqiroz sharoitida echim topish strategiyasi va mexanizmlarini amalga oshirish qobiliyatiga ega. Mobil pul, elektron to'lovlar, elektron tijorat va aktga asoslangan axborot va konsalting xizmatlari kabi raqamli echimlar agrar-oziq-ovqat tizimi imkoniyatlarini oshirishi va fermerlarga muhim texnik xizmatlarni taqdim etishi mumkin.

— Yaqin 20 yil davomida qishlok xo'jaligi sohasiga barkaror asosda informatsion texnologiyalar joriy etiladi. Raqamli texnologiyalar keng tadbiq etilgan qishlok xo'jaligi nafaqat iqtisodiy tiklanish uchun balki, uning sifatini yaxshilash uchun, ayniqsa, kichik yer egalari va  fermerlar uchun harakatlantiruvchi kuchga aylanishi mumkin. Bugungi uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari qishlok xo'jaligi raxbarlari ishtirokidagi ikkinchi tadbir bo'lib, FAO bu kabi tadbirlarning tashkilotchisi ekanligidan faxrlanadi. Biz ushbu uchrashuvni Markaziy Osiyo davlatlarida qishlok xo'jaligi sohasini jadal shakllantira oladigan muxim bir muloqot deb bilamiz, — deya o'z fikrini yakunladi FAO Bosh direktori o'rinbosari hamda Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin.

Mamlakatlar o'rtasida ekspertlar darajasidagi muloqot qishloq xo'jaligi sohasini raqamlashtirish, qishloq xo'jaligida bir qator innovatsion raqamli echimlarni aniqlash va uzoq muddatli loyihalar uchun asos yaratish bo'yicha tajriba almashish uchun katta qadam bo'ldi.