Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomli viloyat Teatr-konsert saroyining ochiq sahnida viloyatimiz boʻylab “Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt!” shiori ostida 30-maydan beri oʻtkazilayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar doirasida yakuniy gala-konsert boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Prezident maslahatchisining oʻrinbosari Nodirjon Xolboʻtayev hamda viloyat hokimining oʻrinbosari Fayzullo Qosimov ochib berdilar.

Bir hafta davomida poytaxtimizdan kelgan uch yuzdan ziyod madaniyat, sanʼat namoyandalari, shoir va yozuvchilar, maʼnaviyat targʻibotchilari ishtirokida viloyatimizning shaharu qishloqlarida 350 dan ziyod konsert dasturlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, ijodiy uchrashuvlar, eng sara kinofilmlar namoyishi tashkil etilib, bu tadbirlarga qariyb yarim million viloyatimiz aholisi qamrab olingani qayd etildi.

Respublikamiz hamda viloyatimiz sanʼatining zabardast vakillari va yosh yulduzlari ijrosidagi Vatanni, ona yurtni, tinchlikni tarannum etuvchi diltortar kuy-qoʻshiqlar, yigʻilganlarning ularga hamohang raqslari 3 soatdan ziyod davom etgan gala-konsertga haqiqiy madaniyat va sanʼat bayrami shukuhini berdi.

Konsert yakunidagi yorqin mushakbozlik ishtirokchilarga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.