Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi ko'magida onlayn tarzda tashkil qilingan tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” davlat unitar korxonasi, Janubiy Koreya Axborot jamiyati milliy agentligi vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralarda Toshkent shahrida elektron hukumat bo'yicha hamkorlik ilmiy-tadqiqot markazi ishini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Janubiy Koreya vakillarining ta'kidlashicha, oldingi kelishuvlarga muvofiq ushbu loyihani amalga oshirish uchun beg'araz asosda 2 million dollar ajratish, shuningdek, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bo'yicha uchta yuqori malakali mutaxassislarni yuborish rejalashtirilgan.
Tomonlar ikki mamlakat tegishli vazirliklari o'rtasida O'zbekiston poytaxti Toshkent shahrida elektron hukumat bo'yicha hamkorlikni o'rganish markazi tashkil etish to'g'risida yangilangan kelishuvni imzolash masalasini imkon qadar tezroq hal qilishga kelishib oldi. Muzokaralarni ishchi guruh darajasida, jumladan videokonferentsiyalar orqali davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.
Janubiy Koreya tomoni loyihaning asosiy ko'rsatkichlari kelishilganidan so'ng tadqiqot markazida amalda ish boshlash uchun mutaxassislarni O'zbekistonga yuborishga tayyorligini bildirdi.