Janubiy Koreya bilan temir yoʻl transporti sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi

    Transport 6 Fevral 2024 1367

    Oʻzbekiston elchisi Vitaliy Fen Janubiy Koreyaning “Hyundai ROTEM” kompaniyasi prezidenti Li Yongbeni qabul qildi.

    Unda transport sohasidagi hamkorlik masalalari, xususan, “Hyundai ROTEM” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonga 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni yetkazib berish istiqbollari muhokama etildi.

    Ular nafaqat respublikamizning temir yoʻl transportini rivojlantirishga, balki Toshkentni Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy shaharlar bilan bogʻlash va mamlakatimiz aholisi hamda sayyohlar uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

    “Hyundai ROTEM” kompaniyasi rahbariyati ijtimoiy sohadagi hamkorlik doirasida Qoraqalpogʻistondagi taʼlim maskanlari uchun kompyuter va “aqlli” doskalarni begʻaraz yordam sifatida berishga tayyorligini bildirdi. Ushbu koʻmak Oʻzbekistonda boshlangʻich va oʻrta-maxsus taʼlimdagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilyapti. Ushbu uskuna va jihozlar Qoraqalpogʻiston Respublikasiga joriy yil may oyida yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

    Muloqot davomida, shuningdek, Oʻzbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari bilan keng tanishish va yangi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida “Hyundai ROTEM” kompaniyasi delegatsiyasi joriy yil 2-3-may kunlariga rejalashtirilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun yurtimizga kelishi ham maʼlum qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.